Farg‘ona viloyati Quvasoy shahrida 270 tup ko‘p yillik sog‘lom daraxtlar noqonuniy ko‘chirilgani aniqlandi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Ekologik nazorat inspeksiyasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, inspeksiya tomonidan Huvaydo mahallasi hududidan oqib o‘tgan Besholish soyi bo‘yida o‘rganish ishlari o‘tkazilgan. Tekshiruv davomida 2025-yil 22-yanvarda Quvasoy shahar hokimi tomonidan ushbu hududni auksion savdolariga chiqarish bo‘yicha qaror qabul qilingani aniqlangan.
Shuningdek, mazkur maydonda ko‘p qavatli uylar, savdo do‘konlari, supermarketlar va restoranlar qurish rejalashtirilgani ma’lum bo‘ldi. Biroq Quvasoy shahar ekologiya bo‘limi 3-fevral kuni Elektron avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali bu hududda ko‘p yillik daraxtlar mavjudligi sababli qurilishga ruxsat berilmasligi haqida xabar bergan.
Shunga qaramay, 11−14-fevral kunlari shahar obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan hokimlikning qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi N.M.ning topshirig‘iga asosan 270 tup daraxt (sasna, kashtan, katalpa, yapon saforasi, tut, aylant) 16 ta joyga noqonuniy ravishda ko‘chirib o‘tqazilgan. Shundan 9 tupi ko‘chirish jarayonida nobud bo‘lgan.
Mutasaddilarning noqonuniy qaror va topshiriqlari sababli ko‘chirilgan daraxtlar nobud bo‘lishi xavfi bor. Tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 1 mlrd 829 mln 437 ming 500 so‘mni tashkil etgan.
Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish va tegishli chora ko‘rish uchun Bosh prokuraturaga yuborildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 30401 | Инструменты