Eron parlamenti iqtisodiyot vaziri Abdulnasir Hemmatiga inflyatsiya miqdori keskin oshib borishi hamda valyuta kursi tushib ketgani sababli impichment e’lon qildi. Bu haqida Al Jazeera xabar berdi.
2015-yilda 32 ming Eron riali bir dollarga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2024-yilning iyul oyida bu ko‘rsatkich ochiq bozorlarda hatto 600 mingga tushib ketdi.
So‘nggi paytlarda mintaqaviy taranglik kuchaygani oqibatida bu ko‘rsatkich yanada pasaydi. Tehronning ayirboshlash do‘konlarida bir dollarni taxminan 950 000 rialga olish mumkin. Rialning qadrsizlanishi ayniqsa Navro‘z bayrami arafasida yashash xarajatlari oshishi va inflyatsiyaning kuchayishi tufayli aholining keng noroziligiga sabab bo‘ldi.
Biz keng ko‘lamli iqtisodiy urushdamiz. Hozirgi jamiyatning iqtisodiy muammolari bir kishiga bog‘liq emas va biz buni bir kishiga yuklay olmaymiz, dedi u.
Bundan tashqari impichment jarayoni davomida Hemmatini qo‘llab-quvvatlovchi amaldor Muhamamad Qosim Usmoniy muammoga amaldagi hukumat aybdor emasligini bildirdi.
Pezeshkiyon hukumatga kelganidan beri uning jamoasiga hujum qilib kelayotgan qattiqqo‘l deputatlar Hemmati Eronning iqtisodiy beqarorligida muhim rol o‘ynagan deb hisoblaydi. Ularga ko‘ra, agar vazirga lavozimda qolishga ruxsat berilsa, mamlakat uchun “xavfli” bo‘lishi mumkin.
Xususan, deputat Husaynali Hajidaligani vazirni hukumat g‘aznalarini qisqa muddatli foyda bilan to‘ldirish uchun milliy valyutani ataylab devalvatsiya qilganlikda aybladi. Bu esa oddiy aholining yashash tarzi hamda mamlakat iqtisodiyotiga katta zarar keltirganini ta’kidlandi.
Hemmati o‘ziga qarshi barcha ayblovlarni rad etdi va uning boshqaruv davrida inflyatsiyaning 10 foizga qisqarishiga ishora qildi. Uning aytishicha, inflyatsiya hamon yuqoriligicha qolib, 35 foizni tashkil etadi. Hemmati deputatlarga uning jamoasi muammoni hal qilish uchun qattiq ishlayotganini aytib, bu vaqt talab etishidan ogohlantirdi.
Yig‘ilishda iqtisodiyot vazirining birdamlik haqidagi iltimoslari e’tiborga olinmadi va Hemmatiga qarshi ovoz bergan deputatlar jamoasi uni vazifasidan ozod qilishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq vazirning hukumatdan chetlatilishi hali dargumon, chunki impichmentga uchragan vazirlar avval ham bir necha bor prezidentning maxsus maslahatchisi etib tayinlangan.
Hukumat siyosatiga qarshi chiqish va unga ta’sir o‘tkazishni maqsad qilgan ayrim deputatlar esa hanuz sobiq tashqi ishlar vaziri Muhammad Javad Zarifni prezidentning strategik maslahatchisi lavozimidan chetlatish bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 30400 | Инструменты