O‘zbekistonda 3−10-mart kunlari 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan “Ayolga hurmat” haftaligi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi xabar berdi.
Tadbirlar Vazirlar Mahkamasi bayoniga muvofiq o‘tkaziladi va ular xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy faolligini oshirish, bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etishga qaratilgan.
Bundan tashqari, haftalik doirasida “islohotlarning amaliy natijalarini o‘zida mujassam etgan” mediatanlovlar va tadbirlar o‘tkaziladi.
Jamiyat va davlat hayotida faollik va tashabbuskorlik ko‘rsatgan, o‘zining samarali mehnati bilan jamiyat rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan 331 nafar (890 nafar nomzoddan) xotin-qizga “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni topshiriladi.
“Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar “Yangi O‘zbekiston” bog‘i hamda muzeylar, tarixiy maskanlar, obidalar, ziyoratgoh va qadamjolar, teatr, konsert, kino, ko‘ngilochar maskanlarga imtiyozli asosda tashriflari tashkil etiladi.
Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy faolliklarini oshirishga qaratilgan turli kitob va risolalar taqdimotlari o‘tkazilishi reja qilinmoqda.
Maktab o‘quvchilari o‘rtasida “Ona — oilamiz timsoli, mehr bulog‘i” mavzusida insholar tanlovi tashkil etiladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda “Ayolni e’zozlash — ezgulik va adolat mezoni”, “Ona — mehr bulog‘i”, “Onam bilan faxrlanaman”, “Yurt ravnaqiga mening hissam” mavzularida yoshlar ishtirokida fleshmob va challenjlar o‘tkaziladi.
“Doim e’tibordasiz!” shiori ostida tibbiyot avtobuslari tashkil etiladi va mahallalarda ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Shuningdek, jazoni ijro etish muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etiladi.
“Oqila ayollar” harakati hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi huzuridagi “Ayol ma’rifati” jamoatchilik kengashi a’zolari ishtirokida “Ayol ma’naviyati”, “Onalik baxti”, “Muammoli vaziyatlar va oqilona yechim”, “Muloqot psixologiyasi”, “Sog‘lom ovqatlanish”, “Sog‘lom turmush tarzi” kabi mavzularda mahorat darslari va seminar-treninglar tashkil etiladi.
Mahallalarda tikuvchilik, pazandachilik, bog‘dorchilik bo‘yicha mahorat darslari o‘tkaziladi.
“Hurmatli vatandoshlar, Siz ham ushbu oylik davomidagi tadbirlarda faol ishtirok eting!”, — deyiladi xabarda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 30401 | Инструменты