Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish yo‘nalishda Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar hamda bojxona organlari bilan hamkorlikda bir nechta faol tadbirlar o‘tkazildi.
Jumladan, Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi, 2003 yilda tug'ilgan fuqaroning yoni hamda yashash xonadonidan jami 2 kg 992 gr “gashish” moddasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Maʼlum bo‘lishicha, ushbu shaxs Tojikiston Respublikasidan olib kelingan ajal og‘usini Farg‘ona viloyatida yashovchi mijozlarga sotishni rejalashtirgan.
Boshqa holatda esa Qo‘shtepa tumanida vaqtincha yashovchi, 1984 yilda tug'ilgan Tojikiston Respublikasi fuqarosi Marg‘ilon shahrida istiqomat qiluvchi 3 nafar muqaddam sudlangan sheriklari bilan Toshkent viloyatining Bo‘ka tumaniga borib, yo‘lning qatnov qismi chetiga tojikistonlik narkosavdogarlar yashirib ketgan 1 kg 977 gr “gashish” moddasini olib, ortga qaytayotgan vaqtlarida Namangan viloyatining Pop tumanida qo‘lga olindi.
Maʼlum bo‘lishicha, ular ushbu zahri qotilni Farg‘ona, Marg‘ilon shaharlari hamda Oltiariq tumanida yashovchi xaridorlarga sotishni rejalashtirishgan.
Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanuvchi, 2003 yilda tug'ilgan muqaddam sudlangan shaxs va uning 2004 yilda tug'ilgan turmush o‘rtog‘i ushlanib, ulardan 1 kg 924 gr “gashish” moddasi ashyoviy dalil sifatida olindi.
Aniqlanishicha, ushbu ajal og‘usi ham Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan.
Qo‘qon shahrida qayd etilgan yana bir holatda 1988 yilda tug'ilgan muqaddam bir necha marotaba sudlangan shaxsga tegishli “Kombi” rusumli avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning yukxonasida Qirg‘iz Respublikasidan keltirilgan 966 gr “gashish” hamda 976 gr “opiy” moddalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o'tamiz, bundan oldin “Qoradori” tadbirining ikkinchi bosqichida 339 kishiga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgani haqida xabar bergan edik.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21101 | Инструменты