Ruminiya prezidenti Klaus Yoxannis 12 fevral kuni iste’foga chiqishini e’lon qildi, deb xabar beradi Monitorul Expres.
«Bir necha kundan keyin Ruminiya parlamenti mening chetlatilishim uchun ovoz beradi va Ruminiyada inqiroz boshlanadi… Ushbu sa’y-harakatlarning barchasi mamlakat ichida ham, afsuski, uning tashqarisida ham oqibatlarni yuzaga keltiradi. Ruminiya va mamlakat fuqarolarini inqirozdan, bu keraksiz va voqealarning salbiy tus olishidan himoya qilish maqsadida men Ruminiya prezidentligi lavozimidan iste’foga ketaman», — deydi Yoxannis.
Yoxannisning qo‘shimcha qilishicha, uning parlament tomonidan chetlatilishi Ruminiyani «butun dunyo uchun kulgiga qoldiradi».
Klaus Yoxannis 2014 yildan beri respublika rahbari sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
24 noyabr kuni Ruminiyada prezidentlik saylovlarining birinchi turi o‘tkazildi. Birinchi o‘rinni mustaqil nomzod Kelin Jorjyesku egalladi (22,95 foiz), ikkinchi o‘rin esa o‘ng markazchi partiya «Ruminiyani qutqarish ittifoqi» rahbari Yeleana Laskoniga nasib etdi (19,18 foiz). Saylovlarning ikkinchi turi 8 dekabr sanasiga rejalashtirilgan edi.
Yoxannis 28 noyabr kuni mamlakat Mudofaa oliy kengashi (SRI) yig‘ilishidagi maxfiy ma’lumotlarni oshkor etishga rozilik bergan. SRI hisobotiga ko‘ra, Jorjyeskuning TikTokʼdagi targ‘iboti uchun Bogdan Peshir ismli ruminiyalik 381 ming dollar to‘lagan, uning saylovoldi kampaniyasiga jami 1 million yevro sarflangan. Prezidentlikka nomzodning o‘zi bir sent ham sarflamaganini bildirgan. SRI, shuningdek, Jorjyesku nomzodining ilgari surilishi ortida Rossiya maxsus xizmatlari turgan bo‘lishi mumkinligini istisno etmagan.
6 dekabr kuni Ruminiya Konstitutsiyaviy sudi saylovlarning birinchi turi natijalarini bekor qildi. Yangi ovoz berish jarayonlari 4 may sanasiga belgilandi.
Yoxannisning mandati 21 dekabrda tugagan, ammo u yangi prezident saylangunga qadar vazifasini bajarib kelmoqda. Buning fonida «ruminiyaliklarni birlashtirish uchun ittifoq», «Ruminiyani qutqaring S.O.S» va «Yoshlar partiyasi» uning iste’fosi bo‘yicha ovoz to‘plashga kirishdi. Ushbu masala parlamentning 11 fevraldagi yig‘ilishida ko‘rib chiqilishi kerak.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21107 | Инструменты