Markaziy bank 2024 yil IV chorak uchun Biznes kayfiyat sharhini e’lon qildi. O‘zbekistonda biznes kayfiyat 2024 yil IV choragida yanada tundlashgan. So‘rovlarda "biznes kayfiyat yaxshilandi" deya javob berganlarning ulushi 53 foizgacha pasaygan.
Hududlar orasida eng yomon va yomonlashgan biznes kayfiyat Surxondaryo va Qashqadaryoda kuzatilgan.
O‘zbekiston bo‘yicha ishlab chiqarish quvvatlaridan yuqori va o‘rta darajada foydalanayotganlar ulushi 50 foizgacha tushib ketgan.
To‘liq quvvatda ishlamaslik sabablari sifatida gaz va elektr ta’minotidagi uzilishlar ko‘rsatilgan.
Bojxona tariflari va cheklovlari, soliq ma’murchiligi, monopollashuv darajasi, yo‘llar infratuzilmasi hamda gaz va elektr ta’minoti tizimida sezilarli yaxshilanishlar qayd etilmagani ta’kidlandi.
O‘rganish davrida korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi oldingi chorakka nisbatan biroz pasaygani qayd etildi. Bunda II chorakda tadbirkorlarning 58 foizi o‘rta yoki yuqori ishlab chiqarish quvvatlarida faoliyat yuritgan bo‘lsa, III chorakda 54 foizgacha, IV chorakda esa 50 foizgacha pasayib, ushbu ko‘rsatkich oxirgi bir yarim yildagi eng past darajasida shakllandi.
Bu holat asosan Namangan, Jizzax va Toshkent viloyatlarida kuzatilgan bo‘lsa-da, Andijon, Farg‘ona, Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida ishlab chiqarish quvvatlaridan nisbatan yuqori darajalarda foydalanilgan. To‘liq quvvatda ishlamaslik sabablari sifatida gaz va elektr ta’minotidagi uzilishlar, avtomobil yonilg‘i narxining oshishi, shuningdek, soliq tizimidagi qiyinchiliklar qayd etilgan. Bunda, gaz va elektr ta’minotidagi uzilishlarni ta’kidlagan respondentlar ulushi 26 foizni tashkil etdi.
So‘nggi choraklarda iqtisodiyot yaxshilanishini kutayotganlar ulushi biroz kamaygan bo‘lsa-da, respondentlarning deyarli uchdan ikki qismi ijobiy kutilmalarini qayd etgan.
Tadbirkorlar fikricha, biznes muhitida kuzatilgan ijobiy o‘zgarishlar asosan bank xizmatlari sifati va kredit olish imkoniyatlarining kengayishi, shuningdek, raqobat muhiti yaxshilangani bilan bog‘liq.
Biroq mazkur hududlarda bojxona tariflari va cheklovlari, monopollashuv darajasi, soliq ma’murchiligi hamda gaz va elektr ta’minoti yo‘nalishlarida sezilarli ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmagani ta’kidlanmoqda.
Shuningdek, III chorakda gaz va elektr ta’minotida kuzatilgan ijobiy tendensiyalar IV chorakda biroz yomonlashgani qayd etildi. O‘rtacha hisobda yo‘llar infratuzilmasida ijobiy o‘zgarishlar o‘sishi qisqargan bo‘lib, qurilish, savdo, turizm va kommunal sohalari vakillari tomonidan ijobiy javoblar ulushi kamaygani bilan izohlanadi.
Tadbirkorlar kelgusi chorakda yoqilg‘i va energiya iste’moli hajmi ortishini kutmoqda. Sohalar kesimida mazkur ko‘rsatkich kommunal xizmatlar, umumiy ovqatlanish va qurilishda nisbatan baland bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, yuklarni tashish hajmi bo‘yicha ijobiy kutilmalar ulushi avvalgi chorakka nisbatan oshib, 47 foizga teng bo‘ldi (III chorakda 40 foizni tashkil etgan).
Ishchi kuchiga bo‘lgan talab, asosan, tibbiyot, ta’lim, umumiy ovqatlanish va qurilish sohalarida o‘sishi kutilayotgan bo‘lsa, ishlab chiqarish va buyurtmalar hajmi bo‘yicha ijobiy kutilmalar biroz pasaygan. Kelgusi chorakda ta’lim, tibbiyot va umumiy ovqatlanish sohalarida kredit mablag‘lariga bo‘lgan talabning o‘sishi ta’kidlanmoqda.
Aksariyat tadbirkorlar raqobat muhiti umumiy hisobda biroz yomonlashgan bo‘lsa-da, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi va maishiy xizmatlar sohalarida yaxshilanganini qayd etgan.
Shu bilan birga, gaz va elektr ta’minoti yomonlashganini ma’lum qilgan respondentlar ulushi avvalgi chorakka nisbatan oshgan. Bu ko‘proq hunarmandchilik, tashish va ta’lim xizmatlari sohalarida namoyon bo‘ldi. Shunga qaramasdan, energiya iste’moli bo‘yicha avvalgi chorakdagi o‘sish darajasi saqlab qolindi.
So‘rov natijalariga ko‘ra, kelgusi uch yillik davrda mamlakat iqtisodiyoti va biznes istiqbollari bo‘yicha umumiy ijobiy kutilmalar saqlanib qolgan. Respondentlarning 62 foizi kelgusida iqtisodiyot va biznes istiqbollari yaxshilanishini bildirmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 32018 | Инструменты