Huawei 1
Zelenskiy: Rossiya deyarli har kuni yuz yoki undan ortiq dronlar bilan hujum qilmoqda

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Myunxen konferensiyasining asosiy sessiyasida nutq so‘zladi. Bu haqida BBC xabar berdi.

“Rossiya deyarli har kuni yuz yoki undan ortiq dronlar bilan hujum qilmoqda, ular muloqotga tayyor emas. Oddiy raketa hujumlari ham amalga oshirilmoqda, havo hujumlari ko‘paymoqda. Joriy yilda esa 15 ta yangi bo‘linma tashkil etish rejalashtirilgan. Putin buni moliyaviy jihatdan ko‘tara oladi, chunki energiya resurslari narxi ancha yuqori”, dedi Zelenskiy.

Shuningdek, Ukraina prezidenti navbatdagi sammitni Kiyevda o‘tkazishni taklif qildi.

“Biz 24-fevralda, Rossiyaning keng miqyosli bosqinining uch yilligida Kiyevda yig‘ilish o‘tkazmoqchimiz. Barcha Yevropa rahbarlarini bu yig‘ilishda qatnashishga chaqirib qolaman. Bizning xavfsizligimizni himoya qiladigan barcha asosiy hamkorlar qatnashishini kutaman”, dedi Zelenskiy. 

“Ushbu uchrashuv bizning keyingi qadamlarimiz – tinchlik, xavfsizlik kafolatlari va jamoaviy siyosatimiz kelajagi bo‘yicha aniq tasavvurni berishi kerak”, deya qo‘shimcha qildi u.

Zelenskiy avvalroq Rossiya bilan tinch yo‘l bilan muzokaralar olib borishga tayyorligini ma’lum qilgandi.

“Biroq buning uchun Ukraina va uning Vashington boshchiligidagi ittifoqchilari, avvalo, bu muzokaralarda Kiyev va Yevropa manfaatlarini hurmat qilishni nazarda tutuvchi umumiy reja ishlab chiqishi kerak”, dedi Ukraina prezidenti.

Zelenskiyning bu mulohazalari bir qator yevropalik siyosatchilarning Yevropa Qo‘shma Shtatlar va Rossiya o‘rtasidagi muzokaralar jarayonidan chetlashtirilishi mumkin, degan qo‘rquviga sabab bo‘lmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 21603 | Инструменты