ID-kartaga ega haydovchilardan haydovchilik guvohnomasini koʻrsatish talab etilmaydi - qaror
“Ichki ishlar organlari faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori (645-son, 15.10.2021-y.) qabul qilindi.
Haydovchining yoʻl-patrul xizmati inspektoriga taqdim etilishi lozim boʻlgan hujjatlari yonida boʻlmagan taqdirda ular maxsus planshet qurilmasi yordamida identifikatsiya ID-kartasi orqali tekshiriladi.
Bunda, identifikatsiya ID-kartaga ega fuqarolarga tegishli transport vositasi haydovchisidan quyidagilarni talab qilish amaliyoti bekor qilinadi:
- yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi;
- transport vositasini roʻyxatdan oʻtkazganlik toʻgʻrisidagi, transportga egalik qilish, egasi yoʻqligida undan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar;
- transport egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta polisi.
2022-yil 1-fevralgacha sugʻurta shartnomalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yagona axborot tizimiga toʻliq kiritiladi.
Qaror bilan shuningdek, Ichki ishlar organlari tizimiga axborot texnologiyalarini joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi
Qarorga koʻra, 2022-yil 1-martdan:
Quyidagi xizmatlar YAIDXP orqali elektron shaklda koʻrsatiladi:
Oʻzbekistonga chet davlat fuqarosini taklif qilish;
chet davlatda Oʻzbekiston fuqaroligini tasdiqlash boʻyicha tegishli hujjatlar va maʼlumotnomalar olish;
sudlanganlik (sudlanmaganlik) haqidagi maʼlumotlar olish;
avtotransport vositalarida taqiq mavjudligini tekshirish;
jazoni ijro etish muassasalari va manzil koloniyalarida saqlanayotganlarni ularning yaqin qarindoshlari bilan uchrashuv vaqtini belgilash.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122318 | Инструменты