Avvalroq, “Azon Global” axborot-tahliliy portali asoschisi Mubashshir Ahmad (Alisher Ahmadovich Tursunov) Jinoyat kodeksining 2442-moddasi (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) 1-qismi bo‘yicha qidiruvga berilgani xabar qilingandi.
Endilikda esa Mubashshir Ahmad yuqoridagi moddada nazarda tutilgan jinoyatda gumonlanmayotgani, axborot tarqatishda texnik xatolikka yo‘l qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, Toshkent shahar Shayxontohur tumani IIB Tergov bo‘limi tomonidan 2023 yil 11 avgustda 1974 yilda tug‘ilgan fuqaro Alisher Tursunov (taxallusi Mubashshir Ahmad)ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 2443-moddasi (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. O‘sha yili 29 avgustda unga nisbatan “munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat” ehtiyot chorasi qo‘llanishi sharti bilan qidiruv e’lon qilingan.
“Shaxsga qidiruv e’lon qilinganligi haqidagi axborot Ichki ishlar vazirligi Huquqiy statistika va tezkor-hisob ma’lumotlar bosh markaziga kiritish jarayonida Jinoyat kodeksining 2442-moddasi sifatida yozilgan bo‘lib, texnik xatoga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan. Hozirda axborot to‘g‘rilangan”, deydi IIV voizi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22207 | Инструменты