Huawei 1
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Ilzat Kasimov: Xitoylik investorlar O‘zbekistonga xavf solayotgani yo‘q
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Ilzat Kasimov Xitoylik investorlar O‘zbekistonga xavf solayotgani yuzasidan chiqayotgan xabarlarga o'z munosabatini bildirdi. 

"So‘nggi vaqtlarda mamlakatimiz milliy axborot makonida Xitoy kompaniyalarining O‘zbekiston yerlarini “egallab olishayotgani” haqida asossiz xabarlar tarqalmoqda. 

Ayrim blogerlarning ushbu “shov-shuvli” mavzuni bir yoqlama talqin qilishi, o‘zlari mukammal bilmagan sohalarda “keng qamrovli” xulosalarini boshqalarga uqtirishga harakat qilishlari O‘zbekistonda olib borilayotgan investitsiya siyosati bo‘yicha keng ommada haqiqatdan uzoq fikrlar uyg‘otishi mumkin.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining Xitoy mamlakatidan investitsiyalarni jalb qilishga bevosita masʼul xodimi sifatida bu borada ayrim fikrlarimni bildirmoqchiman va ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari uydirma gaplar emas, aniq raqamlardan kelib chiqib, to‘g‘ri xulosa qilishlariga umid qilaman.

Birinchi navbatda, har qanday davlatning iqtisodiyoti barqaror rivojlanishi,  xalqi farovonligi oshishi uchun yangi investitsiyalar jalb qilinishi zarurligini alohida taʼkidlab o‘tmoqchiman. Investitsiyalarni jalb qilish uchun dunyo bo‘yicha barcha davlatlar o‘rtasida doimo raqobat mavjud bo‘lgan va u yil sayin kuchayib bormoqda.       

Bugungi kunda respublikada amalga oshirilayotgan investitsiya siyosati, xususan barcha investitsiya loyihalari shaffoflik, iqtisodiy manfaatdorlik va O‘zbekistonning uzoq muddatli barqaror rivojlanish strategiyasiga muvofiq tarzda amalga oshirilib kelinmoqda. Mamlakatimizda mahalliy va xorijiy investorlarga teng va shaffof investitsiya muhiti yaratilgan.

Shuni eʼtirof etish lozimki, barcha investorlar – qaysi davlatga mansub ekanligidan qatʼiy nazar – O‘zbekiston Respublikasi “Investitsiyalar to‘g‘risida”gi qonun talablari asosida bir xil huquq va imtiyozlarga ega bo‘lib, ularning faoliyati respublikamizning tegishli normativ hujjatlariga asosan davlat va jamoatchilik nazorati ostida bo‘ladi.

Yaʼni investitsiya qilish uchun sharoitlar hamma davlat ishbilarmonlari, shu jumladan mahalliy investorlar uchun bir xil.
Xitoydan tashqari, O‘zbekistonga Janubiy Koreya, Rossiya, Turkiya, Yevropa Ittifoqi va BAA kabi davlatlari ham faol investitsiya kiritmoqdalar.

Eʼtiboringizni raqamlarga qaratsam. Keyingi uch yilda Xitoy investitsiyalarining 50 foizi mahalliy sanoatga, 12 foizi yirik sanoat, 11 foizi yoqilg‘i-energetika sohasiga, 4 foizi qishloq xo‘jaligiga hamda qolgan qismi boshqa sohalarda o‘zlashtirilgan.
Bundan ko‘rinib turibdiki Xitoy investitsiyalarning yarmi mahalliy sanoatga yo‘naltirilgan.

Bu nafaqat Xitoy, barcha mamlakatlar investorlari bilan olib borilayotgan ishlarga tizimli yondashuvning samarasidir. Yaʼni, xorijiy mamlakatlardan investorlarni jalb qilishda, asosiy urg‘u sanoatni rivojlantirishga, ishlab chiqarish hajmlarini oshirishga va shu orqali eksport salohiyatini yuksaltirishga qaratiladi.

Mahalliy sanoatga investitsiyalarni ko‘proq jalb qilish o‘rta va kichik biznesni rivojlantirishning asosiy yo‘li ham hisoblanadi. To‘qimachilik, qurilish materiallari, farmatsevtika, elektrotexnika, charm-poyabzal sohalariga kichik investitsiyalar kiritish orqali ham ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi ishchi o‘rinlar yaratish va soliq tushumlarini oshirish mumkin.

Misol uchun, to‘qimachilik sanoatini ko‘radigan bo‘lsak, respublikamizda 7,6 mingdan ortiq to‘qimachilik va tikuv trikotaj korxonalari mavjud bo‘lib, ular tomonidan o‘tgan yilda 123,2 trln so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi. Investitsiyalar hisobiga jami ishlab chiqarilgan mahsulotlarning 57% yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar tashkil qildi.

Eng muhimi – 7,6 mingta to‘qimachilik va tikuv trikotaj korxonalaridan bor – yo‘g‘i 57 tasi Xitoy ishtirokidagi tikuv trikotaj korxonalaridir. Bundan tashqari, sohada 120 ta to‘qimachilik klasterlari bo‘lib, 1 tadan Rossiya, Hindiston, Koreya, Singapur, Turkiya, AQSH va Xitoy ishtirokidagi korxonalar hisoblanadi. Boshqa investorlar kabi Xitoy kompaniyalar tomonidan tashkil qilinayotgan loyihalarda minglab yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda va ularga O‘zbekistonning mahalliy aholi vakillari taklif qilinmoqda. Masalan, to‘qimachilik tarmog‘ida Xitoy investitsiyalari ishtirokida qo‘yidagi loyihalar amalga oshirildi:

“Jinsheng Group” kompaniyasi “LT Textile International” paxta-to‘qimachilik klasteriga 115 mln dollar kiritgan. Kompaniyaga 10 ming gektar yer ijara asosida ajratilgan. 700 ish joyi yaratilgan.

“Mulanhua Group” tomonidan “Nanyang M&F” va “Bobur m&F” to‘qimachilik korxonalariga 33,2 mln. Dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar kiritilib, 450 ish joyi yaratilgan.

“Chang Liang” kompaniyasi “Chang Liang Textiles” kompaniyasiga asos solib, 5,5 mln dollar kiritgan va 120 ish joyini yaratgan.

“Hebei Evershine Textile” kompaniyasiga 3,7 mln dollar kiritilgan va 100 ish o‘rni yaratilgan.

To‘qimachilik korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni eksporti uchun Xitoy hududida 3 ta savdo uyi faoliyat ko‘rsatmoqda: “Nanyang Red Cotton Angel Textile FE”, “Posso International Textile FE” va “Vodiy Toshloq Textile”.
Shu bilan birga, Xitoy bilan hamkorlik qilish sohaga investitsiyalar va ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, ilg‘or texnologiyalar va innovatsiyalarni joriy etish, kadrlar malakasini oshirish, brend yaratish va xalqaro maydonda tanilish kabi masalalarda yordam beradi.

O‘zbekiston azaldan qishloq xo‘jaligida dunyoda o‘z o‘rniga ega mamlakat hisoblanadi. So‘zim boshida keltirgan raqamlarga eʼtibor bersangiz, Xitoy kompaniyalari tomonidan kiritilgan jami investitsiyalarning atigi 4% qishloq xo‘jaligi sohasiga to‘g‘ri keladi.

Xitoyning qishloq xo‘jaligidagi tajribasidan keng foydalanish maqsadida, xitoylik investorlarga hosildorligi kam yoki o‘zlashtirilmagan yer maydonlari, hosildorlikni oshirish va tejamkor sug‘orish texnologiyalarini tadbiq qilish majburiyati bilan taqdim etilmoqda.

Misol uchun “Lihua Group” Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida paxta yetishtirish va yangi navdagi yuqori hosil beruvchi urug‘chilikni tashkil etil loyihasini amalga oshirmoqda. Loyiha uchun suv tanqisligi mavjud va kam hosil berayotgan yer maydonlari taqdim etilgan.

Shuningdek, O‘zbekistonning Yer kodeksiga muvofiq, xorijiy investorlarga yerlar egalik huquqi asosida emas, balki uzog‘i bilan 25 yil muddatga ijaraga beriladi va ularning huquqlari ochiq auksionlar orqali eng yaxshi narx taklifi egasiga taqdim etiladi. Bu mexanizm investitsiya jarayonlarining shaffofligi va raqobatbardoshligini taʼminlaydi, shu bilan birga, mahalliy manfaatlarni ham himoya qiladi.

Xususan, Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlikda qishloq xo‘jaligida amalga oshiriladigan loyihalarda aniq shartlar belgilab olingan. Shunday ekan, Xitoyliklar O‘zbekiston yerlarini egallab olmoqda degan iddaolar mutlaqo asossiz deb hisoblayman.
Xitoy kompaniyalari o‘zlarining ilg‘or texnologiyalari va tajribasini O‘zbekiston bilan bo‘lishmoqda. Ular zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, raqamli tizimlar va ekologik toza energiya texnologiyalarini joriy etish orqali O‘zbekiston sanoatini zamonaviylashtirishda muhim rol o‘ynaydi.

Xitoy kompaniyalari tomonidan tashkil etilgan sanoat korxonalarida asosan mahalliy aholi ishlab kelmoqda. Xitoydan asosan, yuqori toifali texnologiyalar va injenerlar olib kelinmoqda. Bu holat O‘zbekistonda yangi ish o‘rinlari yaratishga, texnologiyalarni o‘rganishga va mahalliy professionallarning malakasini oshirishga xizmat qilmoqda.

Yana bir misol – “BYD” kompaniyasi. Kompaniya tomonidan Jizzax viloyatida tashkil etilgan elektromobillar ishlab chiqarish zavodida 1500 ga yaqin yangi ish o‘rinlari tashkil etilgan bo‘lib, ularning aksariyatiga mahalliy mutaxassislar taklif qilingan. 2024 yil davomida 200 ga yaqin O‘zbekistonlik ishchilar kompaniyaning Xitoydagi zavodlarida o‘z malakasini o‘rganib qaytdilar.
Energetika sohasini oladigan bo‘lsak, bugungi kunda O‘zbekiston muqobil energetika manbalarini yaratish va unga o‘tish bo‘yicha shiddat bilan harakat qilayotganligi barchaga maʼlum.

Xususan, joriy yilning o‘zida hududlarda jami 2,7 GVt quyosh stansiyalari, 752 MVt shamol, 169 MVt mikro GESlar va 1,4 GVtli energiya saqlash qurilmalari ishga tushiriladi.

Xitoy esa bugungi kunda foto elektr stansiyalarning qismlari va shamol turbinalari ishlab chiqish va yetkazib berish bo‘yicha dunyoda yetakchi hisoblanadi.

Shu sababli, boshqa yirik kompaniyalardan tashqari, Xitoyning dunyoda o‘z o‘rniga ega kompaniyalari bilan O‘zbekiston hududlarida qiymati 9 mlrd dollardan ortiq 20 dan ziyod loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu loyihalarda ham Xitoy tomonidan top-menedjer va muhandislar taklif qilingan.  Asosiy ishchi kuchi sifatida O‘zbekistonning malakali mutaxassislari jalb qilinmoqda.

Taraqqiyotdan ortda qolib bo‘lmaydi. Dunyodagi yuqori texnologik mahsulotlarini yirik ishlab chiqaruvchisi va O‘zbekistonning yillar davomida sinalgan ishonchli hamkori hisoblangan Xitoy bilan hamkorlik qilish mamlakatimizga foyda keltirmoqda.
Bundan tashqari, imzolanayotgan investitsiya kelishuvlari va amalga oshirilayotgan loyihalarda O‘zbekiston Respublikasining milliy manfaatlari ustuvor ahamiyat birinchi o‘ringa qo‘yiladi. Har bir kelishuv mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, mahalliy korxonalarning raqobatbardoshligini oshirish va aholi turmush darajasini yaxshilashga yo‘naltirilgan. Shunday ekan aholidan ijtimoiy tarmoqlardagi har xil ishonchsiz maʼlumotlarga ahamiyat bermasliklarini, har qanday masalada yuqori malakali va tajribali mutaxassislarning xulosalari asosida fikr yuritishlarini so‘rab qolamiz", - deya yozgan u. 
Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 31621 | Инструменты