Huawei 1
Isitish mavsumini boshlashdagi sovetcha qoidadan voz kechiladimi?

O‘zbekistonda isitish mavsumining kech boshlanishi noroziliklarga sabab bo‘lib turadi. Masʼullar bu borada sovet paytidan qolgan qoidani ro‘kach qiladi. Bu qoidaga ko‘ra, isitish mavsumi – 5 kun davomida sutkalik tashqi harorat 8 gradusdan past bo‘lgandan keyingi, yaʼni 6-kundan boshlanishi kerak.

Bugun, 2 dekabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida jurnalistlar bu qoidani o‘zgartirish rejasi bor-yo‘qligini so‘radi.

“Bu tartibga qaysidir yil amal qilinadi, yana qaysidir yil amal qilinmaydi. Bunda ishlar amaldorlarning shaxsiy xohishiga ko‘ra bo‘ladimi yoki aniq bir mezonlar bormi?” deya savol berildi masʼullarga.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Ilhom To‘rayevga ko‘ra, bu borada yopiq tizimga o‘tish rejalashtirilgan.

“To‘g‘ri, bu – SSSR paytida qabul qilingan qoida. Bugungi kunda uni takomillashtirish uchun yagona yechim – yopiq tizimga o‘tish. Yaʼni yopiq tizimga o‘tib, individual issiqlik punktlarida hisoblagichlar o‘rnatiladi. Boshqaruv servis kompaniyasiga kelib tushgan murojaatga qarab, aholi taʼminotni yoqadi va o‘chiradi. Yerto‘la qismida o‘rnatilgan hisoblagichga qarab, to‘lov amalga oshiriladi.

Bugungi kunda Toshkent shahridan tashqari viloyatlarda 8 gradusga qarab o‘tirilmasdan, taʼminotchi yoki isteʼmolchilarning tashabbusi bilan issiqlik yoqilgan joylar juda ko‘p bo‘ldi. Ayniqsa ijtimoiy soha obyektlari – maktab, bog‘cha va kasalxonalarda murojaatga qarab yoqildi. Davlatimiz tomonidan qo‘yilgan talab – yopiq tizimga o‘tish. Bu issiqlik resurslarini 30 foizgacha qisqartirish imkonini beradi.

Bitta narsani aytib o‘tishim kerak, SSSR paytida 8 graduslik tizim joriy etilgan bo‘lsa-da, bugungi kunda [o‘sha paytga nisbatan] bitta amal qilinmayotgan jihat bor. Tashqi havo harorati eʼtiborga olinmagan holda, ijtimoiy soha obyektlarida 15 oktyabrdan isitish yoqilishi kerak bo‘lgan. Shu narsaga oxirgi yillarda amal qilinmayapti.

Prognoz bor, kelgusi jarayonda sovib ketish xavfi bo‘ladigan bo‘lsa, bu narsaga amal qilinmaydi. Agar 1 kunlik sovuq bo‘lib, yana havo isib ketadigan bo‘lsa, bu narsaga amal qilib kelingan”, dedi Ilhom To‘rayev.

Jurnalistlar ayni paytda amalda bo‘lgan Vazirlar Mahkamasining qarori 2014 yilda qabul qilinganini eslatib, nima uchun o‘sha paytda SSSR davrida o‘rnatilgan tizimdan voz kechilmaganini so‘radi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Obidjon Mo‘minovning taʼkidlashicha, 10 yil oldin bu masalaga yechim topilmagan.

“Mana shu narsaga yechim o‘sha payti topilmagani uchun shunaqa qilingan. Yechim nima uchun topilmagan. Tizimlarimiz – 50-60 yil oldin qurilgan narsalar. Ko‘p narsa maʼnan eskirgan. Tizimni modernizatsiya qilib, yangilasak, sizlar aytgan narsa bo‘ladi. Hozir ham harakat bo‘lyapti. Tizimni moslashuvchan qilishimiz kerak, buning uchun texnik jihatlar o‘zgarishi lozim. Ana shunga harakat ketyapti. Vodiy viloyatlari, Qashqadaryoda yangi tizim qurilyapti. Ularni haroratdan kelib chiqib moslasa bo‘ladi.

Bu tizimlar juda katta miqdorda energiya talab qiladi va murakkab texnologik jarayon. Uni bugun yoqib, ertaga o‘chirib qo‘ya olmaymiz. Asosiy omil shu.

Veolia o‘zining yangi tizimini olib kiryapti. Bu ham bosqichma-bosqich amalga oshiriladi va katta miqdorda mablag‘ va vaqt resursini talab qiladi. Bunga bosqichma-bosqich kelyapmiz. Yirik obyektlarimizga ozgina vaqt kerak, bunga ham olimlar ishlashi kerak, ham texnik qurilmalarini almashtirish kerak”, dedi Obidjon Mo‘minov.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 120220 | Инструменты