Huawei 1
Italiyaning Tushia universiteti o'zbekistonlik talabalarni qishloq xo'jaligi yo'nalishida magistratura bosqichiga qabul qilishni rejalashtirmoqda

O'zbekiston elchisi Abat Fayzullayev Italiyaning Tushia universiteti rektori, professor Stefano Ubertini bilan uchrashuv o'tkazdi

Muloqot chog'ida madaniy meros obyektlarini qayta tiklash bo'yicha mutaxassislarni hamkorlikda tayyorlash, Yevropa Ittifoqining "Erasmus+" dasturi va Italiya grantlarini jalb qilish orqali mamlakatimiz talabalariga ko'proq imkoniyat yaratish masalalari muhokama qilindi. 

Tushia universiteti rektori Stefano Ubertini o'tgan yili mamlakatimizga qilgan ilk tashrifini iliq yodga oldi. Tashrif davomida Toshkent xalqaro qishloq xo'jaligi universiteti, O'zbekiston Milliy universiteti, Samarqand davlat universiteti va Samarqand arxeologiya instituti rahbarlari bilan samarali uchrashuvlar o'tkazilgani ta'kidlandi.

"Tushia universiteti agrar sohada zamonaviy ilg'or texnologiyalar bo'yicha ta'lim berish uchun o'zbek talabalariga o'z eshigini ochishga tayyor, - dedi u. — Bu borada O'zbekiston Qishloq xo'jaligi vazirligi bilan tegishli muzokaralar olib borilmoqda".

Italiya tomonining aytishicha, keyingi o'quv yilidan boshlab, universitet o'zbekistonlik talabalarni qishloq xo'jaligi iqtisodiyoti, o'rmonchilik, atrof-muhit va o'simliklar biotexnologiyasi yo'nalishida magistratura bosqichiga o'qishga qabul qilishni boshlaydi.

Shuningdek, mazkur universitet tomonidan O'zbekiston oliy ta'lim muassasalari bilan qo'shma ta'lim dasturi doirasida kadrlar tayyorlash masalalari ham ishlab chiqilmoqda.

Tushia universiteti 1979-yilda Viterbo shahrida tashkil etilgan bo'lib, Italiyaning qishloq xo'jaligi yo'nalishida yetakchi oliy ta'lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda universitetda 8 mingdan ziyod talaba tahsil olmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110722 | Инструменты