IIV Tezkor-qidiruv departamenti xodimlari tomonidan Jizzax viloyatida oʻtkazilgan tezkor tadbir natijasida yer resurslarini noqonuniy savdosi bilan bogʻliq holatga chek qoʻyildi.
“Hududgaz Jizzax” filiali qurilish va taʼmirlash boʻlimi boshligʻi, “Jizzax neftgaz stroy” MCHJ rahbari bilan oʻzaro jinoiy til biriktirib, 1998-yili tugʻilgan fuqaroga Zafarobod tumani hududida “Jizzaxneftgazstroy” MCHJ nomiga baliqchilik faoliyatini rivojlantirish uchun 10-yil muddatga ijara asosida ajratilgan 40 gektar hamda oʻzining yeriga tutash boʻlgan yana 24 gektar yer maydonini jami 800 mln soʻmga sotishga kelishgan.
Kelgusida davlat oʻrmon xoʻjaligi balansidagi 130 gektar yer maydonini oʻzining yuqori lavozimda ishlovchi vakolatli tanishlari orqali olib berishi evaziga 10.000 AQSH dollari berishni soʻragan.
13-mart kuni Jizzax viloyati IIB TQX xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida ikki nafar shaxs Jizzax shahrida joylashgan mehmonxonada kelishilgan pullardan 300 mln soʻmini oldindan boʻnak sifatida olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlandi, deb xabar beradi IIV Matbuot xizmati.
Holat yuzasidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Doʻstlik tumani boʻlimi tomonidan jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib tergov harakatlari borilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110804 | Инструменты