Jizzax viloyatida abituriyentlarga milliy sertifikatning test savollari va javoblarini olib berish evaziga pul talab qilgan maktab direktorining o‘rinbosari va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ muhandisi sheriklari bilan ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining Jizzax filiali Sharof Rashidov tumani elektr ta’minoti bo‘limi bosh muhandisi mazkur aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Energosavdo” korxonasining tuman bo‘limi nazoratchisi bilan o‘zaro til biriktirib, yakka tartibdagi tadbirkorning M-39 xalqaro avtomagistral yo‘li yoqasida joylashgan yer maydoniga elektromobillarni quvvatlantirish shoxobchasini tashkil etishi uchun 400 kVtli transformator o‘rnatish, tegishli tartibda barcha hujjatlarni tayyorlash va tarmoqqa ulab berish evaziga 90 million so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 214-moddasi (davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi xizmatchisining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi) 3-qismi “v”,“g” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jizzax shahrida o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda esa Namangan shahridagi umumta’lim maktablaridan birining direktor o‘rinbosari abituriyentlarga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda yo‘nalish bo‘yicha kimyo va biologiya fanlaridan imtiyoz beruvchi milliy sertifikat olish bo‘yicha imtihonlarning test savollari va javoblarini mansabdor tanishlari orqali olib berish evaziga 20 ming dollar talab qilib, 8 ming dollar va 156 million so‘m olgan vaqtida ushlangan.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 25-moddasi (jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish),168-moddasi (firibgarlik)ning 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyatida tibbiyot buyumlarini noqonuniy sotishga uringan Sog‘liqni saqlash boshqarmasining mas’ul xodimi ushlangandi. Avvalroq, AT “Xalq banki” Qo‘qon universal bank xizmatlari markazi mansabdor shaxslari va boshqalar oldindan til biriktirib, bir guruh bo‘lib, kompyuter texnika vositalaridan foydalanib, byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 30619 | Инструменты