Jizzaxdagi “Navro‘z” bog‘ida uchirilishi rejalashtirilgan 5 mingta shar yorilib, yaroqsiz holatga keltirildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyatidagi Navro‘z bog‘ida 5 mingta shar uchirilishi haqida e’lon tarqaldi. Unda bepul muzqaymoq, 10 mingga yaqin sovg‘alar berilishi ham aytilgan. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi va Milliy gvardiya xodimlaridan iborat ishchi guruh voqea joyida bo‘lib, holatga chek qo‘ydi.

Vazirlik matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, o‘rganish ishlari davomida sharlar yorilib, yaroqsiz holatga keltirildi.

Plastik o‘yinchoqlar, sharlarni uchirish, tabiatni ifloslantirishga, chiqindilar bilan to‘ldirishga sabab bo‘ladigan boshqa shu kabi tadbirlar vazirlik tomonidan doimiy tarzda qoralab kelinmoqda. Bu kabi holatlar taqiqlangani va javobgarlikka sabab bo‘lishi qayta-qayta taʼkidlanmoqda.

Xususan, avvalroq “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida 10 mingta plastik o‘rdakchalar havodan tushirilishi haqida xabarlar tarqalgandi. Vazirlik bu holat yuzasidan keskin munosabat bildirdi. Natijada bu tadbir bekor qilindi.

Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 28-iyundagi “Ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda fuqarolar xavfsizligini taʼminlash va jamoat tartibini saqlash bo‘yicha talablarni kuchaytirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, ommaviy tadbirlarda fuqarolarni reklama, aksiya va boshqa maqsadlarda oziq-ovqat, buyumlar hamda boshqa mahsulotlar va tovar moddiy boyliklarini bepul tarqatish yoki haddan tashqari arzon narxlarda sotish orqali jalb qilish taqiqlandi.

Ommaviy tadbirlarni o‘tkazish qoidalariga amal qilmagan tadbir tashkilotchilari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra javobgarlikka sabab bo‘ladi.

“Ammo, ming afsuski, ekologiya va aholi salomatligi haqida umuman qayg‘urmaydigan ayrim tadbirkorlar, ijtimoiy tarmoq faollari tomonidan shar uchirish kabi tadbirlar o‘tkazilishi uchrab turibdi”, — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida Ekologiya vazirligi tomonidan turli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Xususan, sharlarni O‘zbekistonga olib kirish uchun bojxona to‘lovlarini 10 baravarga oshirish, shar uchirish kabi tadbirlarni o‘tkazmoqchi bo‘lganlarga utilizatsiya talabini qo‘yish va bunda sharlarning narxiga nisbatan 100 baravar miqdorda narx belgilash taklif qilinmoqda.

Ekologiya vazirligi bu kabi holatlarga chek qo‘yish maqsadida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish tarafdori ekanini bildirib, ekologiyaga befarq bo‘lmagan fuqarolarni plastik o‘yinchoqlar, sharlar uchirish kabi tadbirlarga yo‘l qo‘ymaslik, bunday tadbirlarda ishtirok etmaslikka chaqirdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70212 | Инструменты