“Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini moliyalashtirish tartib-taomillarini takomillashtirish to'g'risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko'ra, 2025-yil 1-apreldan:
“Ijtimoiy daftarlar” jamg'armalari orqali ko'rsatiladigan ijtimoiy yordamlar Kambag'al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga, uy-joy sharoitlarini yaxshilash va sog'liqni saqlash bo'yicha ijtimoiy yordamlar esa – oylik daromadi oila a'zolarining har biriga minimal iste'mol xarajatlari miqdorining 2 baravaridan ko'p bo'lmagan oilalarga ham taqdim etiladi.
Bunda madaniy-ma'rifiy, ta'lim, sport va turizm tadbirlarini tashkil etish va o'tkazishga “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamg'armalari tushumlarining 25 foizidan ko'p bo'lmagan qismini yo'naltirishga ruxsat beriladi;
“Ijtimoiy daftarlar” jamg'armalari orqali ijtimoiy yordamlar quyidagi tartibda ko'rsatiladi:
- oilalarni kambag'allikdan chiqarish bo'yicha individual rejada kambag'al oilalarning yoshlari va xotin-qizlariga muayyan ijtimoiy yordamlarning belgilanishi ushbu toifadagi shaxslardan qo'shimcha murojaat talab etmagan holda “Ijtimoiy daftarlar” jamg'armalari hisobidan ijtimoiy yordamlar ko'rsatilishiga asos bo'ladi;
- “Ijtimoiy daftarlar” jamg'armalari hisobidan ijtimoiy yordam ko'rsatishni so'rab murojaat qilgan shaxslarning ijtimoiy holatini aniqlash “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali, oilaning moliyaviy holatini esa – idoralararo axborot almashinuvi orqali avtomatik ravishda baholash (skoring) natijalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Farmonga muvofiq, 2025-yil 1-apreldan Kambag'al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar uchun “Ijtimoiy daftarlar” jamg'armalari orqali qo'llab-quvvatlashning quyidagi yangi instrumentlari joriy etiladi:
- kamida 3 nafar xotin-qizlar, yoshlar va aholining boshqa ehtiyojmand toifalarining bandligi hamda ijtimoiy faolligini ta'minlashga qaratilgan ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirish uchun tegishincha “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Saxovat va ko'mak” jamg'armalari hisobidan BHMning 60 baravarigacha grantlar ajratish;
- “Yoshlar daftari” jamg'armasi hisobidan:
- nogironligi bo'lgan yoshlarga parasport to'garaklariga qatnashishi uchun yo'l haqi xarajatlarini har oyda BHMning 1 baravarigacha miqdorda qoplab berish;
- 6 oy davomida muntazam ravishda sport va san'at to'garaklariga qatnashayotgan yoshlar uchun qiymati BHMining 10 baravaridan oshmaydigan maxsus sport forma, inventar, musiqa va cholg'u asboblarini xarid qilish;
- yong'in, suv toshqini, zilzila va boshqa texnogen hodisalar oqibatida zarar ko'rgan oilalarga uy-joylarini tiklash va ta'mirlash xarajatlarini qoplash uchun “Saxovat va ko'mak” jamg'armasi orqali BHMning 150 baravarigacha bo'lgan miqdorda yordam ko'rsatish.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21212 | Инструменты