“Tomorqa yer egalari va dehqon xo'jaliklari faoliyatida zamonaviy tashkiliy tizimni joriy qilish va moliyaviy qo'llab-quvvatlashning qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident Farmoni (PF-22-son, 14.02.2025-son) qabul qilindi.
Farmonga ko'ra, O'zbekiston fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi O'zbekiston fermerlari kengashi etib qayta nomlandi.
Kambag'allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga dehqon xo'jaliklari va aholi tomorqalarini rivojlantirish bilan bog'liq quyidagi qo'shimcha vazifa va funksiyalar yuklandi, jumladan:
— aholi tomorqalari va dehqon xo'jaliklaridagi yer maydonlarini to'liq xatlovdan o'tkazish va ularda yetishtirilayotgan qishloq xo'jaligi mahsulotlari hisobini yuritish hamda “Online mahalla” platformasida aniq va batafsil ma'lumotlar bazasini shakllantirish;
— tuman va mahallalarning ixtisoslashuv bo'yicha salohiyat va imkoniyatlaridan kelib chiqib, tomorqalarda yuqori daromadli mahsulotlar yetishtirishni yashil va innovatsion yondashuvlar asosida tashkil etish orqali aholining yuqori daromadli mehnat bilan bandligini ta'minlash va ularni kambag'allikdan chiqarish.
Tomorqa yer egalari va dehqon xo'jaliklari faoliyatini rivojlantirish va qishloq xo'jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish bo'yicha kengash tuzildi.
Fermer xo'jaliklarini qo'llab-quvvatlash jamg'armasi hamda Kambag'allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzurida Dehqon xo'jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini qo'llab-quvvatlash jamg'armasi tashkil etildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21902 | Инструменты