Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qishloq xo‘jaligida suv va energiya resurslaridan unumli foydalanish masalalari yuzasidan yig‘ilish o'tkazilmoqda.
Yig‘ilishda Jizzax viloyati Do‘stlik tumani misoli ko‘rib chiqildi.
Tumanda xitoylik investorlar bilan suv boshqaruvini aqlli tizimga o‘tkazish bo‘yicha loyiha yakuniga yetkazildi.
Suv taqsimlanadigan 2 mingta nuqtaga hisoblagich va videokamera o‘rnatilib, kimga qancha suv borgani aniq ko‘rinadi. Avtomatlashgan boshqaruv orqali 20 foiz, sug‘orish tarmoqlarini taʼmirlash hisobiga yana 10 foiz suv tejaladi. Suv boshqaruvi xususiy sektorga berilib, fermerlar bilan kooperatsiya tuziladi.
Viloyatlar hokimlariga Do‘stlikdagi yangi tizimni o‘rganish, viloyatidagi suv taʼminoti og‘ir va xarajati qimmat 1 tadan tumanda Do‘stlik tajribasini joriy qilish topshirildi.
Noyabr-mart oylari kanallarni betonlash uchun eng qulay vaqtligi taʼkidlandi. Hali 18 ming kilometr magistral va 94 ming kilometr ichki kanallarni betonlash zarur.
Kanallarda yiliga 13 milliard kub metr suv yo‘qotilayapti. Bu – Andijon, Navoiy, Namangan, Samarqand va Sirdaryoning bir yil ishlatadigan suviga teng. Shu sababli kelgusi yilda betonlashga 800 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.
Masʼul idoralarga 66 ta magistral kanal loyihasi va ekspertizasini yakunlab, qurilish ishlarini tez fursatda boshlash, bunga arzon sement yetkazib berishni tashkil qilish topshirildi. Umuman, hokimlar oldiga fermer va klasterlar bilan birgalikda 1 aprelgacha 15 ming kilometr ichki ariqlarni beton qoplamaga o‘tkazish vazifasi qo‘yildi.
Mutasaddilar har bir kanalga ajratilayotgan har bir so‘mni maqsadli, tejamkorlik bilan to‘g‘ri ishlatish zarurligi haqida ogohlantirildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110721 | Инструменты