Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Keles tumanida 19 yoshli yigit bir guruh o‘smirlar tomonidan pichoqlab o‘ldirilgani haqida ma’lumot tarqaldi.
Unda aytilishicha, tumandagi bolalar maydonchalarining birida yuzaga kelgan janjal oqibatida bir necha nafar o‘smirlar 19 yoshli yigitni pichoqlab qochib ketishgan. Yigit zudlik bilan shifoxonaga olib borilib, unga tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Ammo jarohati og‘ir bo‘lgani uchun o‘ziga kelolmay, shifoxonada vafot etgan.
Bosh prokuratura mazkur jinoyatni sodir etishda gumonlanuvchi o‘smir qo‘lga olingani haqida ma’lum qilgan.
13-fevral kuni tuman prokuraturasi 2007-yilda tug‘ilgan o‘smirni gumonlanuvchi sifatida Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasiga asosan hibsga olgan.
Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-1-moddasi (“Qasddan odam o‘ldirish”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Vafot etgan yigitning onasi "Millar" dasturiga bergan intervyusida janjalda qatnashganlar ko‘pchilik bo‘lgani, ular o‘g‘liga jami 8 marta pichoq bilan zarba berganini ma’lum qilgan.
Xabar berilishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21523 | Инструменты