Kuchli bosh og‘rig‘i, nutq buzilishi, vaqtincha ko‘rmaslik... Bu — ko‘z migreni alomatlari bo‘lishi mumkin

Ko‘z – inson tanasidagi eng nozik aʼzo. Shu bois uni parvarishlash va zarur ozuqa moddalari bilan taʼminlash alohida eʼtiborni talab qiladi. Aks holda turli muammolar kuzatilishi hech gap emas. Shulardan biri ko‘z migrenidir.

Xo‘sh, u qanday kasallik? Ko‘z migrenining kelib chiqishiga qanday omillar sabab bo‘ladi?

Ushbu savollarga Respublika ko‘z kasalliklari klinik shifoxonasi shifokori Mavjuda Junadullayeva javob berdi.

— Migrenning bir nechta turi mavjud. Ularning sabablari, kechishi va boshqa simptomlari o‘xshash yoki bir-biridan farqlanadi, — deydi mutaxassis.

— Ko‘z migreni esa migrenning bir turi bo‘lib, bunda bosh va ko‘zning og‘rishi, ko‘ngil aynishi bilan birga, ko‘rish maydonida o‘ziga xos o‘zgarishlar kuzatiladi. Baʼzi bemorlarda ko‘z tirqishi qisilishi, ko‘z harakati cheklanishi va narsalarning ikkita bo‘lib ko‘rinishi (diplopiya) ro‘y beradi.

Kasallik bir necha bosqichlarda rivojlanadi. Avvaliga bemorda charchoq, uyqu bosishi, ko‘p esnash, chanqash, shirinlikka bo‘lgan ehtiyoj kuchayadi. Yorug‘lik va baland tovushlar bemorga yoqmaydi. Boshning ensa qismida tirishish kuzatilib, bu holat 1 soatdan 2-3 kungacha davom etishi mumkin.

Keyingi bosqichda ko‘z oldida yaltiroq dog‘lar va yorug‘lik chaqnashi bilan birga, ko‘rish maydonida nuqsonlar yuzaga keladi va obyektlar shakli buzilishi, hatto, vaqtincha ko‘rmaslik kuzatiladi.

Baʼzi bemorlarda esa nutq buzilishi, qo‘llarda uvishish namoyon bo‘lib, bu simptomlarning davomiyligi odatda 5-60 daqiqa davom etadi.

Uchinchi bosqichda kasallik boshning yarmida kuchli og‘riq, ko‘ngil aynishi va qayt qilish bilan kechib, ko‘pincha bosh og‘rig‘iga qarshi preparatlar bemorga foyda bermaydi. Kuchli charchoq va og‘riq tufayli u uxlay olmaydi.

To‘rtinchi bosqich og‘riqlar asta-sekinlik bilan qaytishi, ko‘rish qobiliyatining tiklanishi bilan 2 soatdan 3 kungacha davom etadi.

Ko‘z migrenining belgilari bemorda muntazam kuzatilmaydi va bu xastalikka barcha kasb egalari chalinishi mumkin. Qolaversa, kasallik yosh tanlamaydi, yaʼni yosh bolalar, homiladorlar va katta yoshli insonlarda ham birdek kuzatiladi.

Xastalik xuruji ko‘pincha quyidagi sabablar taʼsirida boshlanadi:

kompyuter, telefon va gadjetlardan uzoq vaqt foydalanish;
surunkali charchoq va uyqusizlik;
kuchli stress;
gormonlar almashinuvining buzilishi;
ayrim dori vositalarining asorati;
shirinlikka ruju qo‘yish;
kislorod yetishmasligi;
ob-havo o‘zgarishlari va boshqalar.

Kasallik va xurujlarining oldini olish uchun o‘z vaqtida dam olish, ortiqcha jismoniy va aqliy zo‘riqmaslik, o‘tkir hid va taʼmli mahsulotlarni isteʼmol qilmaslik, zararli odatlar (tamaki chekish, spirtli ichimliklar ichish)ni tark etish, stress holatlariga tushmaslik, sport bilan muntazam shug‘ullanish, bir so‘z bilan aytganda sog‘lom turmush tarziga rioya qilish lozim.

Agar kasallikning belgilari davom etsa, albatta, shifokorga murojaat qilish zarur.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72714 | Инструменты