Huawei 1
Xitoyda dunyodagi eng kichik dinozavr tuxumlari topildi

Olimlar Xitoy janubi-sharqidagi Szyansi provinsiyasida toshga aylangan dunyodagi eng kichik dinozavr tuxumini topdi.

Qayd etilishicha, mazkur kashfiyot uzoq vaqtdan beri yo‘q bo‘lib ketgan mavjudotlar evolyutsiyasi haqida tushuncha beradi.

“Ushbu dinozavr tuxumlarining o‘lchami kichik, qobiqlari yupqa va chuvalchangsimon tugunlari bor, bu xususiyatlar allaqachon ma’lum bo‘lgan boshqa tosh qotgan qoldiqlardan farq qiladi. Ilgari Xitoyda topilgan eng kichik dinozavr tuxumining o‘lchami taxminan 45,5 x 40,4 x 34,4 mm bo‘lgan. Mazkur tuxumning uzunligi esa 29 millimetrni tashkil etadi”, dedi Szyansi provinsiyasi geologik qidiruv instituti rahbari Lu Fasheng.

U boshchiligidagi tadqiqotchilar guruhi 2021-yilda Guanchjou shahrida oltita toshga aylangan tuxumlarni topgan edi. Uch yil o‘tgach, kashfiyot rasman tasdiqlandi. Ish natijalari Historical Biology jurnalida chop etilgan. Topilma 80 million yil oldingi kech bo‘r davriga tegishli ekani aniqlangan.

“Biz bu tuxumlarni kichik teropod dinozavriga tegishli deb hisoblaymiz”, deydi Xitoy Geologiya fanlari universiteti dotsenti Xan Fenlu.

Olimlarning ta’kidlashicha, bu kashfiyot kech bo‘r davriga mansub teropodlar evolyutsiyasi va reproduktiv usullarini tushunishda katta ahamiyatga ega.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101814 | Инструменты