“Ma'muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas'uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to'g'risida”gi prezident farmoni qabul qilindi. Farmonga muvofiq, 2024-yil 1-iyuldan fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko'rsatishning quyidagi tartibi joriy qilinadi:
- Adliya vazirligi tomonidan “Madad” NNT bilan hamkorlikda respublikaning barcha tuman va shaharlaridagi davlat xizmatlari markazlarida “Madad” NNTning huquqiy maslahat byurolari bosqichma-bosqich tashkil qilinadi;
- huquqiy maslahat byurolari tomonidan aholiga bepul huquqiy maslahatlar beriladi, shuningdek nizolarni sudgacha va sud orqali hal etishda zarur bo'ladigan protsessual hujjatlarni tayyorlashda ko'maklashiladi.
Shuningdek, farmonga ko'ra, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish, qonunchilik hujjatlarini ijrochilarga yetkazish hamda ularning mohiyati va ahamiyatini aholi o'rtasida tushuntirish ishlari samaradorligini oshirish maqsadida:
- fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlarida “Mahalla huquqshunosi” loyihasi amalga oshirilib, loyiha doirasida fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari raislarining huquqiy bilim va ko'nikmalarini uzluksiz oshirib borishga qaratilgan qisqa muddatli bepul o'quv kurslari tashkil etiladi;
- maktablarda 2024/2025 o'quv yilidan:
- Adliya vazirligining maxsus elektron platformasi orqali huquq fani o'qituvchilarining kasbiy bilim va ko'nikmalarini uzluksiz oshirib borish hamda ularni metodik ta'minlash tizimi yo'lga qo'yiladi;
- o'quvchilar o'rtasida “Huquq bilimdoni” fan olimpiadasi, huquq fani o'qituvchilari o'rtasida “Eng yaxshi huquq o'qituvchisi” ko'rik-tanlovi o'tkazib boriladi;
- maktab o'quvchilarining huquqiy bilimlarni mustaqil o'zlashtirishiga qaratilgan ko'rgazmali o'quv qo'llanmalari, videoroliklar, kompyuter o'yinlari va mobil ilovalar yaratiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122706 | Инструменты