Huawei 1
Senatorlar maʼqullagan qonunga asosan agrar sohadagi sug‘urta mukofotining 50 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi

Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Qishloq xo‘jaligi tavakkalchilarini sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.

So‘nggi yillarda mazkur tarmoqda iqtisodiy o‘sish, oziq-ovqat xavfsizligi va eksport salohiyatini oshirishda katta ahamiyatga ega.

Shu bilan bir qatorda qishloq xo‘jaligi iqtisodiyotning eng tavakkalchi sohalaridan biri bo‘lib, iqlim o‘zgarishi, tabiiy ofatlar, zararkunandalar, bozor konyunkturasidagi o‘zgarishlar va boshqa xavf-xatarlar mahsulot yetishtiruvchilar uchun katta moliyaviy yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin.

Tahlillar agrar tizimning ishlab chiqarish uzluksizligi va moliyaviy barqarorligini taʼminlashda xatarlarni boshqarishning eng samarali usuli sug‘urta ekanligini ko‘rsatmoqda.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilar hosiliga zarar yetkazuvchi (tabiiy ofatlar oqibati) hamda nobud qiluvchi (kuchli yomg‘ir, do‘l, suv toshqini, dovul yoki zararkunandalar) omillar sabab jiddiy iqtisodiy zarar ko‘rmoqda.

Sohada asosan kreditni qaytarmaslik xavfini sug‘urtalash amaliyoti keng foydalanilayotgan bo‘lsada, bunday sug‘urta faqat imtiyozli kreditlarni qaytarilishiga xizmat qilib, yetishtiriladigan hosil sug‘urtasiz qolib ketmoqda.

Mazkur Qonunda qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urtalash bilan bog‘liq barcha masalalar va to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi normalar qamrab olingan.

 Jumladan,  ishlab chiqaruvchilarni turli tavakkalchiliklardan himoya qilish va barqaror daromad olishni kafolatlash uchun Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasi tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, sohaning sug‘urtadagi yo‘qotishlarni baholash, sug‘urta hodisalari bo‘yicha yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash mustaqil ekspertlar tomonidan amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urtalashda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmi yaratilmoqda.

Xususan, sug‘urta mukofotining 50 foizi davlat tomonidan qoplab berilishi, sug‘urtalangan tabiiy ofatlar va boshqa xatarlardan ko‘radigan zararlarni qoplash uchun Qishloq xo‘jaligini sug‘urtalash jamg‘armasining mablag‘lari yetarli bo‘lmagan taqdirda uning qolgan qismi respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanishi nazarda tutilmoqda.

Sug‘urtalash jarayonida ishtirok etuvchi subyektlarining huquq va majburiyatlari belgilanmoqda.

Taʼkidlanganidek, Qonunning qabul qilinishi qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining xavf-xatarlar tufayli yetkazilgan zararlarining o‘rnini qoplashda huquqiy asos bo‘ladi. Bundan tashqari, Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasining davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi yo‘lga qo‘yiladi. Tavakkalchiliklarni sug‘urtalashda sug‘urta munosabatlarini tartibga solish va nazorat qilishning yagona tizimi yaratiladi. Shu tariqa ishlab chiqaruvchilarining iqtisodiy barqarorligi taʼminlanib, turli xavf-xatarlarning moliyaviy taʼsirini kamaytirish imkoni paydo bo‘ladi hamda investitsiyaviy jozibadorlik ortib, mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligi mustahkamlanadi.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 31719 | Инструменты