Huawei 1
MIB Sardor Kariyevning uch nafar farzandi va ayoli yashab turgan uyni ham xatladi

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining sobiq direktori, “Dok-1 Maks” ishida aybdor deb topilib, 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan Sardor Kariyevning farzandlari yashab turgan uy ham xatlandi. Bundan norozi bo‘lgan Kariyevning xotini sudga shikoyat qildi.

Mazkur ish 2024-yilning 21-oktyabr kuni Toshkent tumanlararo ma’muriy sudida ko‘rib chiqilishi boshlandi. 

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi xodimining sudda ma’lum qilishicha, byuro “Dok-1 Maks”dan jabrlanganlarga sud tomonidan belgilangan salkam 76 milliard so‘mlik tovon pullarini undirish harakatini davom ettirmoqda. 

“Shikoyat arizasini rad qilishingizni so‘rayman, sababi bizning qonunchiligimizda ko‘rsatilganki, agar o‘zining nomida bitta uy bo‘lsa, to‘g‘ri uni sotib yuborishimiz noto‘g‘ri bo‘lar edi. Hozir bu holatda Kariyevning nomida ikkita uy bor. Bundan tashqari, mulkiy ahvoli ham yaxshi. Undirish imkoni yo‘q deb qaytarishga asos ham yo‘q”, dedi sudda so‘z olgan MIB xodimi. 

Kariyevlar oilasining advokatlaridan biri MIB xodimining bu gapiga e’tiroz bildirib, “Bitta uy bo‘lsa sotuvga chiqarish mumkin emas, lekin ikkita-uchta uy bo‘lsa hammasini olish kerak deganimas-ku?”, dedi. 

“Kariyevning o‘zi 18 yilga qamaldi. Endi voyaga yetmagan uch nafar bolasi va oilasi ko‘chada qolishi kerakmi? Mulkiy ahvoli yaxshi deb, undiruvni xotiniga qaratishmoqchimi? Marhamat qamoqda ishlayotgan bo‘lsa, olayotgan oylik maoshiga qaratishsin”, deydi advokat shikoyat arizasini qo‘llab-quvvatlar ekan. 

Kariyevlar oilasining yana bir advokati Sardor Kariyevning turmush o‘rtog‘i xatlangan mulklardan faqatgina o‘zi va bolalari yashab turgan uyni qoldirishni so‘rayotganini bildirdi. 

“Mayli, Kariyevning nomidagi ofisni, viloyatdagi uyini xatlashingiz mumkin. Bunga e’tiroz yo‘q”, dedi advokat.

MIB xodimi esa advokatga “unda pullarni qayerdan undiramiz?”, deya savol berdi. 

Advokatning eslatishicha, “Dok-1 Maks” jabrlanuvchilariga ayni kunga qadar faqat Kariyevning hisobidan uning onasi tomonidan to‘langan 2,5 milliard so‘m berilgan xolos. 

“Bu ish bo‘yicha 22-23 kishi sudlangan. Hozir yana qo‘shildi. Kariyevdan boshqa birortasi hali tovon pulini to‘lamadi. Jabrlanuvchilarga boshqa hech kim yordam bergani yo‘q”, dedi u. 

MIB xodimi bu savolga javoban sud qaroriga ko‘ra, jabrlanuvchilarga tovon pulini to‘lash sudlanuvchilarning 7 nafari zimmasiga yuklatilganini, undiruvni ayni paytda ochiqda qolgan 2 nafar sudlanuvchining oylik-maoshiga qaratishganini, uyidagi mol-mulklari xatlanganini ochiqladi. 

“Kariyevning ayoli va bolalari yashab turgan uy xatlanib sotilsa, ular ko‘chada qolishi kerakmi?”, dedi advokat tomonlarga yuzlanar ekan. 
Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102414 | Инструменты