Huawei 1
Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan yashil hudud jamoat bog‘i sifatida saqlab qolinadi - hokimiyat

Avvalroq, qariyb 1 500 tup daraxti bo‘lgan so‘lim maskan o‘rnida shahar hokimi qarori bilan ofis binolari qurilishi kutilyoptgani va odamlar mahallaning “o‘pkasi”ni saqlab qolish uchun hokim qarori bekor qilinishini so‘rashgani haqida xabarlar e'lon qilindi

Unga ko'ra, Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Alpomish mahallasi hududida joylashgan, mahalliy aholi tilida “Tohir” nomi bilan ataladigan bog' o'rnida ofis binolari qurilishi kutilyapti. Qariyb 40 yillik tarixga ega mazkur bog‘da 1 500 tupga yaqin manzarali va mevali daraxtlar bor. “Yashil makon” milliy harakati doirasida hudud aholisi tomonidan yuzlab nihollar o‘tqazilgan. 1,8 gektarni egallagan bog‘da bolalar va sport maydonchalari ham bor.

Shuningdek, 2019-yilda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning qarori bilan bog‘ning 40 sotix maydoni “ABIS-AG” MChJga ofis binolari qurish uchun berilgan. Ammo hokim qaroridan na odamlarning, na tuman ekologiya bo‘limining, na mahalla raisining xabari bo‘lgan.

Ushbu holatga Toshkent shahar hokimligi munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, ushbu yashil hudud o‘rniga ofis va boshqa binolarning qurilishiga ruxsat berilmagan hamda loyiha hujjatlari tasdiqlanmagan.

Prezidentning tegishli farmoni bilan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirilgan bo‘lib, shahar hokimligi tomonidan ko‘rsatilgan hududdagi daraxtlarning kesilishiga yo‘l qo‘yilmasligi qayd etib o'tildi. 

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohasiga taalluqli bo‘lmagan ehtiyojlar uchun berilgan yer uchastkasidan ikki yil davomida foydalanilmasa, unga egalik qilish huquqi yohud undan doimiy yoki muddatli foydalanish huquqi bekor qilinishi belgilangan. Ya'ni, Toshkent shahar hokimining 2019-yil 12-fevraldagi qarorining “yerni tadbirkorga ajratish” qismi bir yil muqaddam o‘z kuchini yo‘qotgan.

Yuqorida ko‘rsatilgan asoslarga ko‘ra, ushbu yashil hudud jamoat bog‘i sifatida saqlab qolinadi va uning o‘rnida qurilish ishlari olib borilmaydi.

Eslatib o'tamiz, bundan oldin Toshkentdagi G'afur G'ulom bog'ida daraxt kesib tashlangani haqida xabar bergan edik

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 21323 | Инструменты