Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatining Namangan tumanidagi 30-maktabda o‘qiydigan o‘quvchini ustozlari urib, tishini sindirgani haqida videolar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Namangan viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi munosabat bildirdi.
Videoda 11 sinf o‘quvchisining murojaati tasvirlangan bo‘lib, unda kecha, 28 yanvar kuni bola uch o‘qituvchi tomonidan xonaga olib kirilib, kaltaklangani aytilgan. Oqibatda o‘quvchining tishi singan.
Ayni damda ushbu maktab o‘quvchisi shifoxonada ekanligi aytilmoqda.
Boshqarmaga ko‘ra, mazkur holat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, Milliy gvardiya viloyat bo‘yicha boshqarmasi, tuman hokimligi va "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazi vakillari tomonidan o‘rganilmoqda.
“O‘rganish yakuniga ko‘ra batafsil ma’lumot berilishi bildiriladi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning noyabr oyida Toshkentdagi maktabda o‘quvchining burni urib sindirilgandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 13019 | Инструменты