Huawei 1
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tashkil etiladi

O‘zbekiston Prezidenti «Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonga imzo chekdi.

Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi,  uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tuman (shahar) bo‘limlarini tashkil etiladi.

Uyushmaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat bo‘ladi:

- mahallaning xalq bilan davlat o‘rtasidagi «ko‘prik» vazifasini amalga oshiruvchi mustaqil va xalqchil tuzilmaga aylanishiga ko‘maklashish;

- mahallani jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch bo‘g‘iniga aylantirish, uning jamiyatdagi o‘rni va rolini kuchaytirish, mahalla boshqaruvida aholining faol ishtirokini ta’minlash;

- har bir fuqaro o‘zi va oilasining kelajagi, moliyaviy ahvoli va farovonligini ta’minlashda mas’uliyatni sezishi, boqimandalikka o‘rganmaslik hissini yanada kuchaytirish bo‘yicha targ‘ibot va tashviqot ishlarini amalga oshirish;

- «mahalla yettiligi» tomonidan mahallaning ichki resurslarini aniqlash hamda ularni ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish uchun safarbar etishda ko‘maklashish va boshqalar.

Uyushma raisi maqomi, tibbiy, transport va maishiy ta’minot sharoitlari bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi.

Farmonga muvofiq, 2024 yil 1 martdan boshlab «Temir daftar», «Yoshlar daftari» va «Ayollar daftari» orqali ijtimoiy yordam ko‘rsatish va subsidiyalar ajratishda byurokratiyadan xoli va mahallaning hamjihatligini aks ettiruvchi quyidagi yangi tartib joriy etiladi.

Shuningdek, jismoniy shaxslarni daftarlarga kiritish, shuningdek, daftarlar hamda Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hamda Hunarmandchilik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali ijtimoiy yordam ko‘rsatish va subsidiyalar ajratish «mahalla yettiligi» ning kollegial qarori asosida amalga oshiriladi.

Unga ko‘ra, har oyning 5-sanasiga qadar daftarlar uchun mablag‘larni taqsimlovchi mas’ul tashkilotlar tomonidan jamg‘armalarda shakllangan mablag‘lar daftarlarga kiritilgan fuqarolar soniga mutanosib ravishda tegishliligi bo‘yicha har bir mahalla kesimida taqsimlanadi.

Shuningdek, farmonda «Temir daftar» Ijtimoiy himoya milliy agentligi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan yuritilishi qayd etilgan.

Davlat rahbari tomonidan imzolangan hujjatga ko‘ra, 2024 yil 1 yanvardan boshlab barcha tuman va shaharlarda «Mahalla byudjeti» tizimi joriy etiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51007 | Инструменты