Huawei 1
O‘zbekiston Markaziy banki AQSh davlat obligatsiyalarini xarid qilishni davom ettiradi

Markaziy bank oltin-valyuta zaxiralarini diversifikatsiya qilish maqsadida xorijiy davlatlarning davlat obligatsiyalarini sotib olishni davom ettirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 23-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida regulyator raisi o‘rinbosari Abror Mirzo Olimov ma’lum qildi.

Iyun oyida Markaziy bank qiymati 35 mln dollarlik xorijiy mamlakatlar qimmatli qog‘ozlarini sotib oldi, 2024-yil oxirida esa ularning zaxiradagi hajmi 101 mln dollarga yetdi. Regulyator asosan AQSh g‘aznachilik obligatsiyalariga sarmoya kiritgan.

“O‘tgan yili oltin-valyuta zaxiralarini diversifikatsiya qilish maqsadida boshlangan AQSh qimmatli qog‘ozlarini sotib olish amaliyoti joriy yilda ham davom ettirilishi rejalashtirilgan”, — dedi Markaziy bank rahbari o‘rinbosari.

Abror Mirzo Olimov Spot nashriga bergan intervyusida 2025-yilda qimmatli qog‘ozlarni xarid qilish hajmi ularning narxi va AQShdagi foiz stavkalariga bog‘liq bo‘lishini ta’kidladi. Bugungi kunda Markaziy bank ikki turdagi davlat obligatsiyalariga egalik qilmoqda — aniq belgilangan va o‘zgaruvchan (suzib yuruvchi) stavkali.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy bankning AQSh g‘aznachilik obligatsiyalarini sotib olish rejalariga iqtisodiy vaziyat va AQSh Federal zaxira tizimi (FRS) tomonidan belgilanadigan foiz stavkasi ta’sir ko‘rsatadi.

“Biroq, biz bu yo‘nalishdagi ishlarni davom ettiramiz, chunki biz oltin-valyuta zaxiralarini diversifikatsiya qilish, ularning barchasini bitta aktivda saqlash emas, balki boshqa aktivlar o‘rtasida qayta taqsimlashni maqsad qilib qo‘yganmiz. Birinchi bosqichda tavakkalchilik darajasi nolga yaqin bo‘lgan AQSh g‘aznachilik obligatsiyalarini sotib olishni rejalashtirmoqdamiz”, — deya uning so‘zlarini keltirgan nashr.

Olimov, shuningdek, regulyator hali kriptovalyutalarga sarmoya kiritishni rejalashtirmayotganini aytdi.

2024-yil yakuniga ko‘ra O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari 6,6 mlrd dollarga oshib, 41,2 mlrd dollarga yetdi. Oltinning fizik hajmi yil davomida qariyb 12,4 tonnaga oshdi, biroq valyuta zaxiralari kamaydi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 12401 | Инструменты