Huawei 1
O‘zbekiston uchun ijodiy iqtisodiyot juda muhimligi va buning sabablari aytildi

Toshkentda 2–4-oktyabr kunlari Kreativ iqtisodiyot bo‘yicha to‘rtinchi butunjahon anjumani o‘tkazilishi haqida xabar berilgandi. “Menimcha” ko‘rsatuvida mamlakat uchun ijodiy iqtisodiyot juda muhimligi va buning sabablari aytildi.

Ma’lum qilinishicha, ijodiy iqtisodiyotning dunyo iqtisodiyotidagi ulushi bu yil 1,5 trillion dollarga yaqinlashdi va bu ulush jadal o‘sishda davom etyapti. O‘zbekiston uchun ham ijodiy iqtisodiyot juda muhim. 

Eng avvalo, ijodiy iqtisodiyot uchun masofa va logistika muammo bo‘lolmasligi aytilgan. O‘zbekiston iqtisodiyotining eng katta muammosi, bu – dengizga chiqadigan yo‘limiz yo‘qligi. Mamlakat chet elga sotayotgan mahsulotini o‘z manziliga yetkazishda suv yo‘liga nisbatan ancha qimmatga tushayotgan yer usti va havo logistikasidan foydalanmoqda. 

Bu esa mahsulotning tannarxi oshib ketishiga, xalqaro bozorda raqobatbardosh emasligiga sabab bo‘ladi. Bugungi dunyoda bitta IT dasturchi biror xorij kompaniyasining logotipini yasab, o‘sha kompaniyaga falon pulga sotishi uchun hech qancha vaqt ham ketmaydi, onlayn jo‘natadi qo‘yadi.

Ikkinchidan, iqtisodiy diversifikatsiya bo‘lish shart. Chet elga sotadigan mahsulotning asosini qishloq xo‘jaligi va yoki xom ashyo tashkil etishiga chek qo‘yish kerakligi ta’kidlandi. O‘zbekiston o‘zining ijodiy va aqliy mahsulotini chet elga sotish bilan xalqaro hamkorlikni kuchaytirishi va valyuta tushumlarini oshirishi mumkin.

Uchinchidan, aholining katta qismini yosh avlod tashkil etyapti. Ya’ni bu – yangi g‘oya va maksimal intilishga ega bo‘lgan qatlam. Va bu qatlam ishlashi lozim. Mehnat maydoniga yiliga 600 mingtadan yigit-qiz kelyapti. Katta zavodlar qurmasdan turib ham, yosh avlodning ijodiy-intellektual o‘sishi va buning natijasida yaxshi pul topishi uchun infratuzilma yaratishga kuch sarflagan ma’qul ekani aytildi. 

To‘rtinchidan, ijodiy iqtisodiyot ta’lim, kino, san’at, madaniy merosni rivojlantiradi va bu orqali ijtimoiy ong va madaniyat ham o‘zgarib boradi. 

O‘zbekistonda ham ana shunday “ijodiy iqtisodiyot” keng yoyilishi va jadal ishlab ketishi ustida katta ish boshlanmoqda. Yaqinlashib kelayotgan IV butunjahon kreativ iqtisodiyot anjumanida O‘zbekiston bu yo‘nalishdagi o‘zining dastlabki natijalari va maqsad-muddaolarini e’lon qiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92217 | Инструменты