Huawei 1
O‘zbekiston Vengriya bilan parranda fermalarini qurish va baliqchilikni rivojlantirishga kelishdi

O‘zbekiston va Vengriya parrandachilik, baliqchilik va kartoshkani qayta ishlashni rivojlantirishga kelishib oldi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevning Budapeshtga tashrifi chog‘ida qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov ma’lum qildi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, har yili 10−20 nafar talabani Vengriyaga parrandachilikning zamonaviy yo‘nalishlari bo‘yicha bepul o‘qitishga yuborish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Shuningdek, u Sirdaryo viloyatida Vengriyaning ZA Invest kompaniyasi bilan hamkorlikda parrandachilik fabrikasi qurilishi boshlangani, avgust oyida esa yana sakkizta ishlab chiqarish obyekti qurilishi boshlanishini ma’lum qildi. Investitsiyalar hajmi 110 million dollarga baholanmoqda.

Avvalroq Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ZA Invest kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyiha doirasida Sirdaryodagi klaster hududida 130 gektar maydonga ega sakkizta parrandachilik fabrikasi, inkubator, kushxona, qayta ishlash sexi, ozuqa zavodi, muzlatkich va ma’muriy binolar qurilishini xabar bergandi. Loyihaning quvvati yiliga 16 million dona broyler tovuqlari va 120 ming tonna omuxta yem ishlab chiqarishni tashkil etadi.

Bundan tashqari, “eng sof baliq genotiplari” taqdim etilgan Vengriya bilan O‘zbekistonga 8 turdagi sazan baliqlarini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolangan. TCT Cluster 6 million dona turli baliq turlarini (sudak, som va sazan) import qilishni rejalashtirmoqda.

“So‘nggi yillarda biz Vengriya bilan juda yaxshi hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik. Maqsadimiz — Vengriyaning yuqori texnologiyalaridan foydalanish, ilmiy muassasalar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish, O‘zbekiston uchun muhim bo‘lgan sohalarni rivojlantirish”, — dedi vazir.

Bundan tashqari, vazir Vengriyaning BDPST Group kompaniyasi bilan O‘zbekistonda kartoshkani chuqur qayta ishlash, jumladan, sanoat miqyosida chips va fri kartoshkasini ishlab chiqarish bo‘yicha korxona tashkil etish imkoniyatlarini muhokama qildi. Agrofeed kompaniyasi bilan premikslar, vitaminlar va fermentlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, ZKI LTD bilan esa sabzavot urug‘ini yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib borilgan.

Tashrif davomida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasida transport va yo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilish, logistika markazlari va kommunal tarmoqlarni qurish, qurilish materiallari, to‘qimachilik va farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlardagi loyihalar bo‘yicha ham kelishuvlarga erishildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 52912 | Инструменты