Huawei 1
O‘zbekistonda energiya resurslarini meʼyoridan ortiqcha sarflaganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda

Senatning ellik to‘rtinchi yalpi majlisida “Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda energiya barqarorligini taʼminlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish, sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Hozirda mamlakatda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmidagi ulushi qariyb 10 foizni tashkil etmoqda. Bu borada O‘zbekiston 2030-yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvatini 27 gigavattga yetkazib, elektr energiyasi ishlab chiqarish umumiy hajmini kamida 40 foizga olib chiqishni maqsad qilgan.

Bu har yili 25 mlrd kub metr tabiiy gazni tejash, atmosferaga zararli tashlanmalarni 34 mln tonnaga qisqartirish imkonini beradi.

Albatta, belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish, energetik barqarorlikni taʼminlash uchun sohaning huquqiy bazasini mustahkamlash talab etiladi.

Boz ustiga uglevodorod resurslarining chegaralanganligi, ularning kamayishi energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish choralarini ko‘rish zaruratini yuzaga keltirmoqda.

Shu bilan birga, amalda mamlakatimizda energiya resurslari isteʼmoli samaradorligini, energiya sarfi meʼyorlari hamda energiya audit o‘tkazishni monitoring qilishning taʼsirchan tizimi mavjud emas.

Davlat muassasalari va tashkilotlarida zamonaviy energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha energiya servis xizmatlari yo‘qligi, shuningdek, tejash va samaradorlikni oshirish yo‘nalishida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish ishlari sust borayotgani ham bir qator muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Qonun energetika sohasida sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, sohaga xorijiy va xususiy investitsiyalar jalb etishni ko‘paytirish, narx shakllanishining erkin va shaffof mexanizmlarini joriy qilishga asoslangan elektr energiyasining ulgurji va chakana bozorlarini tashkil qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Qonunda energetika xavfsizligini taʼminlash, energiyani tejash hamda samaradorlikni oshirish, resurslardan oqilona foydalanish tartib-tamoyillari, elektr va issiqlik energiyasi, yoqilg‘i va noanʼanaviy energiya resurslaridan iqtisodiyot tarmoqlari hamda ijtimoiy sohada tejamli va samarali foydalanish vazifalari va qoidalari belgilab berilmoqda.

Shuningdek, energiyani tejash va energiya samaradorlik talablarini buzganlik va resurslarni meʼyoridan ortiqcha sarflagani uchun javobgarlikni belgilash ham nazarda tutilgan.

Qurilish va transport sohasida, bino hamda inshootlarda, issiqlik taʼminoti va kommunal xizmat ko‘rsatish korxonalarida, qishloq va suv xo‘jaligida energiyani tejash hamda energiya samaradorligini oshirish yo‘nalishlari ko‘zda tutilmoqda.

Senatorlarning fikricha, Mazkur Qonun qabul qilinishi energiya resurslari xarajatlarini yana-da optimallashtirishga xizmat qilib, energiya isteʼmoli samaradorligi tizimli monitoringini amalga oshirish uchun huquqiy poydevor yaratadi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102303 | Инструменты