O‘zbekistonda farmatsevtika kompaniyalari va dorixonalarga litsenziya berish uchun qo‘shimcha talablar joriy etilmoqda. Bu prezidentning 23 maydagi qarorida nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, 1 sentyabrdan boshlab farmatsevtika faoliyatini yoki dori vositalarining chakana savdosini boshlash uchun quyidagi shartlar bajarilishi kerak:
ko‘chmas mulk bo‘yicha ijara yoki tekin foydalanish shartnomasini soliq organlarida hisobga qo‘yish;
dori vositalarini realizatsiya qilishda xaridorlardan to‘lovlarni qabul qilish bo‘yicha elektron to‘lov vositalaridan foydalanish imkoniyatini yaratish.
Soliq tekshiruvlarida kirim hujjatlarisiz (kontrafakt) yoki markirovkalanmagan dori vositalarini sotib olish, tashish, saqlash va realizatsiya qilish holatlari aniqlansa, soliq organlari tashabbusi bilan vakolatli organ tomonidan tegishli subyekt litsenziyasining amal qilishi to‘xtatib turiladi.
Bundan tashqari, 1 iyuldan boshlab O‘zbekistonga olib kirilayotgan dori vositalarini ulgurji va chakana sotuvchilarga faqat import qiluvchi tashkilot yoki uning rasmiy dilerlari orqali hamda elektron hisobvaraq-faktura asosida sotishga ruxsat etiladigan tartib kuchga kiradi. Demak, import qilingan dori vositalarini faqat o‘zlari import qilgan korxonalar yoki ularning rasmiy dilerlarigina sotishi mumkin bo‘ladi. Mustaqil brokerlar va ruxsatsiz tashkilotlar bunday dori vositalarini qonuniy ravishda sota olmaydi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 53104 | Инструменты