O‘zsanoatqurilishbank qoraqalpog‘istonlik tadbirkorlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratmoqda

Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi biznes uchun jozibador hududga aylangan. Bu yerda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Jumladan, O‘zsanoatqurilishbank ham qoraqalpog‘istonlik ishbilarmonlarning nafaqat moliyaviy tayanchi, balki yaqin maslakdoshiga aylangan.

Maʼlumki, O‘zsanoatqurilishbank Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda masʼul muassasa sanaladi. O‘tgan davr mobaynida bank tomonidan hududda investitsiya salohiyatini oshirish, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirishga qaratilgan ko‘pgina amaliy ishlar olib borildi.

Buning samarasida ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmalarini yaxshilashga, mahalliylashtirishni kuchaytirishga, eksport va bandlik darajasini oshirishga, shuningdek moliyaviy xizmatlar ko‘lamini kengaytirishga erishildi.

 Eʼtiborlisi, bugungi kunda bank tizimida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash saʼy-harakatlari izchil davom etmoqda.

Joriy yilning 25 iyun kuni Qonliko‘l tumanida ishga tushirilgan yangi bank xizmatlar markazi bunga yana bir misoldir.

Markaz ochilish marosimida so‘z olganlar ushbu saʼy-harakatlar Prezidentimizning shu yil 9-fevraldagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarga hamohang tarzda hududdagi tadbirkorlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratishini taʼkidlashdi.

Qayd etish joiz, Qonliko‘l tumanida 54 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi, bir necha o‘nlab ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalari faoliyat yuritadi. Ular shu kunga qadar O‘zsanoatqurlishbank xizmatlaridan 

foydalanish uchun 30 kilometr uzoqlikda joylashgan “Qo‘ng‘irot” BXMga tashrif buyurishar edi. “Qonliko‘l” bank xizmatlari markazi faoliyatining yo‘lga qo‘yilgani esa, tadbirkorlar vaqti va xarajatini anchayin tejaydigan bo‘ldi.

– O‘zsanoatqurilishbankning ko‘p yillik mijoziman, – deydi “Tazabay-To‘lg‘anay” nodavlat taʼlim muassasasi rahbari Zina Yusupniyazova. – Bank xizmatlari va xizmat ko‘rsatish sifati hamisha qanoatlantirib kelgan. Biroq, yozning chillasi, qishning qirovli kunlari Qo‘ng‘irotga qatnash biroz malol kelardi. Tumanimizda bank tarmog‘ining ochilgani biz, tadbirkorlarga har tomonlama yengillik yaratadigan bo‘ldi.

Markazda 5 nafar malakali xodim faoliyat yuritadi. Mijozlarga onlayn xizmatlar bo‘yicha konsalting hamda kredit va omonatlarni rasmiylashtirish, hisob raqam ochish, valyuta ayirboshlash, xalqaro pul o‘tkazmalari kabi anʼanaviy bank xizmatlari ko‘rsatiladi. 24/7 rejimida ishlovchi bank uskunalari (bankomat va infokiosklar) to‘liq ish holatiga keltirilgan.

Aytish lozimki, O‘zsanoatqurilishbankning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi tarmoqlarida shu yilning iyun oyidan boshlab anderrayting xizmati ham joriy qilindi.

Unga ko‘ra, yuridik va jismoniy shaxslarga ajratiladigan kredit hujjatlari ortiqcha byurokratik to‘siqlarsiz, shaffoflik tamoyili asosida qisqa muddatda ko‘rib chiqilmoqda. Natijada, jismoniy shaxslarning kredit hujjatlarini o‘rganish 1 soatdan 15 minutga, yuridik shaxslarnikini esa, 1 kundan 2 soatga qadar qisqartirishga erishildi. 

– Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida bank tomonidan yuz mingdan ziyod jismoniy shaxslar va 2,5 mingdan ortiq yuridik shaxslarga xizmat ko‘rsatiladi, – deydi “O‘zsanoatqurilishbank” ATBning Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi boshlig‘i v.v.b Minajatdin Uzakbayev. – Muassasa infratuzilmasi 1 ta bank xizmatlari ofisi, 6 ta bank xizmatlari markazi, 10 ta 24/7 rejimida ishlovchi shoxobchalar hamda yirik korxonalar negizida ochilgan 3 ta chakana amaliyot kassasidan iborat. Shuningdek, savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalarida ham bankka tegishli 20dan ziyod bankomatlar aholi xizmatidadir.

Muxtasar qilib aytganda, qoraqalpog‘istonlik tadbirkorlar ushbu zaminning ko‘p jabhadagi imkoniyatlarini ochayotgan katta kuchdir. O‘zsanoatqurilishbank tomonidan ularning har bir g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, yana-da qulay sharoitlar yaratish ishlari faol davom etadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70412 | Инструменты