Ombudsman Samarqanadda ayollarning erkaklar tomonidan do'pposlangani holatiga munosabat bildirib, bunday xabarlarning ko‘payib borayotganidan xavotirdaligini ta'kidladi
So'nggi vaqtlarda Samarqand viloyatida fuqarolar o‘rtasida o‘zaro janjallashish, bir-birini haqorat qilish, ayollarga qo‘l ko‘tarish va tan jarohati yetkazish kabi holatlar ko'p uchramoqda.
Ayniqsa, 2 nafar erkak 2 nafar ayolni kaltaklagani tasviri ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Mazkur holatlar bo‘yicha Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili Diyor Xusanov tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi.
Ma'lum qilinishicha, Samarqand tumani Yangiariq mahallasida yuzaga kelgan kelishmovchilik oqibatida ayollar farzandi ko‘z oldida erkaklar tomonidan do‘pposlangan. O‘rganishlar, suratdagi bola aslida ayolning bolasi emasligi, unga enagalik qilishini ko‘rsatdi.
"Yaxshilab o‘rganilmay turib, ommaga e’lon qilingan bu kabi materiallar jamiyatda har xil kayfiyatni tug‘dirmoqda. Hozirda mazkur holat bo‘yicha Samarqand tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Nima bo‘lganda ham o‘sib kelayotgan yosh avlod bu kabi o‘zaro hurmatsizlik, bir-birini obro‘sizlantirish, urush-janjal, o‘zgalar mulkiga zarar yetkazish kabi holatlarni ko‘rib tarbiya olmasligi zarur", deyiladi Ombudsman xabarida.
Bundan tashqari, kuni kecha Samarqandda qurilish kompaniyasi xodimi ayol kishini tepib, haqoratlagani aks etgan yana birvideoxabar e’lon qilindi. Unda ham ayol kishining kaltaklangani, qarshi tomonning esa davlat xodimi bo‘lishi mumkinligi aytilgan. Videoda birinchi bo‘lib ayolning shovqin ko‘tarib, erkak kishiga tosh otgani ham ko‘rsatilgan.
Aniqlanishicha, ayol kishini tepishga uringan erkak tadbirkor bo‘lib, u viloyat hokimining tegishli ko‘rsatmasiga asosan, 37 ta dala-hovli o‘rnida ko‘p qavatli uy qurishni rejalashtirgan.
Ombudsmanga taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, uy egalarining roziligi bilan uy-joylar narxlari baholanib, snos holatiga keltirilgan. Ularga kompensatsiya pullari to‘lab berilib, uyni bo‘shatishlari so‘ralgan. Jumladan videoda norozilik kayfiyatidagi ayol ham kompensatsiya pullarini to‘liq qabul qilgani haqida ma’lumot berilgan. Lekin, ayol uyni bo‘shatib berishga qarshilik qilgan. Hozirda holat yuzasidan tergov oldi tekshiruv surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Har ikkala holat bo‘yicha ham sud-tergov ishlari yakunlangach, aybdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi.
Shuningdek, Ombudsman fuqarolar o‘rtasidagi nizolarni ko‘rib chiqish vakolatiga ega bo‘lmasada, bunday mazmundagi xabarlarning ko‘payib borayotganidan xavotirdaligi ma'lum qildi.
"O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27-moddasida har kim o‘z sha’ni va obro‘siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turar joyi daxlsizligi huquqiga ega ekanligi belgilab qo‘yilgan.
Qolaversa, birovning sha’ni va qadr qimmatini kamsitish, obro‘sizlantirish, kaltaklash, bosim o‘tkazish va boshqalar amaldagi qonun hujjatlariga zid", deyiladi vakil xabarida.
Ma’lumot uchun, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasiga ko‘ra, mayda bezorilik, ya’ni jamoat joylarida uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi boshqa xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik — bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Shu bilan birga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 52-moddasida ehtiyotsizlik orqasida yengil tan jarohati yetkazish — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan ikki baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi, qasddan yengil tan jarohati yetkazish esa, bu harakat sog‘liqning qisqa muddat yomonlashuviga yoki mehnat qobiliyatini uncha ko‘p davom etmaydigan turg‘un tarzda yo‘qotishga olib kelmagan bo‘lsa, —bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan to‘rt baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Mazkur kodeksning 62 prim-2 moddasida O‘zganing mulkini qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish, oz miqdorni tashkil etsa, — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilangan.
Shuningdek, o‘zganing mulkini qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish ko‘p bo‘lmagan miqdorni tashkil etsa, — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solish yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olish chorasi qo'llaniladi.
Eslatib o'tamiz, joriy yilning 21-iyul kuni Samarqand tumani Yangiariq mahallasida kelib chiqqan o'zaro janjal oqibatida 2 erkak 2 nafar ayolni do'ppaslagandi. Ushbu holatda bir ayol qattiq zarba olib o'rnidan turolmay qolgan. Atrofdagilar video tasvirga olib, ularga yordam ko'rsatmagan.
Shuningdek, avvalroq, Qashqadaryoda ayol eri va yaqinlari tomonidan ayovsiz kaltaklanib, sochlari kesib tashlangani haqida xabar bergandik. Ushbu vaziyat to’liq o’rganilganda, ayol o’z turmush o’rtog’i bilan ajrashgani va 4 yildan buyon o’zidan 10 yosh kichik yigit bilan ishqiy munosabatta bo’lib yurgani ma’lum bo’lgan. Yigit 1994-yilda tug’ilgan bo’lib, boshqa bir qiz bilan unashtirilgani, hatto nikohdan o’tish uchun ariza topshirgani aytilgan. Ayolni kaltaklagan shaxslar esa yigitning aka-ukalari bo’lgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51419 | Инструменты