Huawei 1
Organizmning tabiiy qalqoni: Qanday odatlar immunitetni mustahkamlashga yordam beradi?

Immunitet – organizmning infeksiya va bakteriyalarga qarshi tabiiy mudofaasi. Uning asosiy vazifasi tanaga kirgan mikrob va viruslarni aniqlash hamda yo‘q qilishdan iborat.

Bu tizimning yaxshi ishlashi, avvalo, organizmdagi to‘g‘ri balansga bog‘liq. Biroq baʼzi hollarda immunitet pasayib, tana kasalliklarga qarshi kurasholmay qoladi. Buning oldini olish uchun esa bir necha qoidalarga amal qilish maqsadga muvofiq.

To‘g‘ri ovqatlanish: ushbu qoida immunitetni mustahkamlashda muhim rol o‘ynaydi. Ayniqsa, S, D, E kabi vitaminlar, omega-3 yog‘ kislotalari va turli mineral hamda to‘qimalarga boy yeguliklar tananing kurashish qobiliyatini oshirish bilan birga, barqaror faoliyat ko‘rsatishini taʼminlaydi.

Buning uchun ovqatlanish ratsioniga sarimsoq piyoz, sabzi, lavlagi, zanjabil, brokolli, naʼmatak, ko‘katlar, qovoq, olma, sitruslar, asal, dengiz baliqlari, sut mahsulotlari, yog‘siz go‘sht kabi tabiiy meva-sabzavot va ozuqalarni kiritish maqsadga muvofiq.

Jismoniy faollik: doimiy harakatda bo‘lish va har kuni ertalab badantarbiya qilish immunitetni kuchaytiradi. Ayniqsa, bunda piyoda yurish, yugurish, velosiped uchish va suzish kabi sport mashg‘ulotlari juda foydali.

Toza suv ichish: suv organizm uchun juda muhim. U tanadan toksinlarni chiqarib, immunitetni mustahkamlashga yordam beradi. Bu, o‘z navbatida, ushbu tizimga to‘g‘ridan to‘g‘ri foydali taʼsir ko‘rsatib, tanani zaharlanishdan himoyalaydi. 

Aksincha kam miqdorda suv ichish hujayra, to‘qima va organlar faoliyatiga salbiy taʼsir etib, immun tizimining zaiflashishiga olib keladi. Shu sababli mutaxassislar odam bir sutkada har bir kilogramm vazni uchun 40 millilitr suv isteʼmol qilish lozimligini taʼkidlaydi.

Yaxshi uxlash: tiniqib uxlash immunitet tizimini mustahkamlab, organizmning tiklanishiga yordam beradi. Uyqu davomida immun hujayralari yana-da samarali ishlaydi. Organizmning to‘liq dam olishi uchun katta yoshdagi insonlar har kuni o‘rtacha 7-8 soat uxlashi kerak.

Stressdan saqlanish: davomiy asabiylashish immunitetning pasayishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun ruhiy barqarorlikni saqlash juda muhim.

Gigiyenaga rioya qilish: qo‘llarni tez-tez yuvish va boshqa sanitariya qoidalarini amalga oshirish mikrob hamda viruslardan himoyalaydi.

Shuningdek, kasalliklarga qarshi vaksina olish, yomon odatlardan voz kechish ham immunitetni mustahkamlaydi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 22321 | Инструменты