AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya bilan mudofaa urushida Ukrainaga yordam uchun sarflangan “milliardlab dollar”ni qaytarish niyatida. Bu haqda u kecha, 22 fevral kuni Merilend shtatidagi Konservativ siyosiy harakatlar konferensiyasida so‘z ochdi.
“Men ular (Ukraina tomoni) biz kiritgan barcha pullar evaziga bizga biror narsa berishlarini xohlayman. Shunday qilib, biz noyob yer metallari va neftni, olishimiz mumkin bo‘lgan hamma narsani so‘raymiz”, dedi u.
Tramp Yevropa davlatlari Ukrainaga kredit shaklida yordam berganini, ammo AQSH buni qilmaganini, shuning uchun ular ma’lum miqdorda tovon olish huquqiga ega ekanini ta’kidladi.
“Biz pulimizni qaytarib olamiz, chunki bu adolatdan emas”, dedi AQSH Prezidenti.
Uning fikricha, Vashington va Kiyev mineral resurslar bo‘yicha “kelishuvga juda yaqin”.
“Biz kelishuvga yaqinroq bo‘lganimiz ma’qul, chunki bu dahshatli vaziyat”, dedi Tramp.
“Sky News” telekanalining ukrainalik manbaga tayanib, xabar berishicha, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina nodir metal konlarini o‘zlashtirish huquqini hozirgi ko‘rinishda AQSHga o‘tkazish to‘g‘risidagi bitimni imzolashga tayyor emas.
“Shartnoma hali imzolashga tayyor emas, bir qator muammoli masalalar mavjud va hozirgi shaklda Prezident uni qabul qilishga tayyor emas”, deya aniqlik kiritdi telekanal suhbatdoshi.
“The New York Times” gazetasining yozishicha, Ukraina AQSHdan kelishuvning yangi versiyasini olgan, biroq undagi ayrim shartlar 14 fevral kuni AQSH Moliya vaziri Skott Bessent tomonidan Kiyevga olib kelingan avvalgi versiyadan ham qattiqroq bo‘lgan.
Ukraina tomoni taklif qilingan shartlar bo‘yicha kelishuvga rozi bo‘ladimi yoki yo‘qmi, hozircha noma’lum.
Oliy Rada spikeri Ruslan Stefanchuk hukumat darajasidagi guruh kelishuv ustida ishlashni ertaga, 24 fevralda boshlashini va Ukraina Vashingtonning o‘z resurslariga kirishi evaziga aniq xavfsizlik kafolatlarini olishni istashini aytdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22400 | Инструменты