Huawei 1
Otabek Bakirov: Ish haqining umumiy o‘sishi sekinlashgan, o‘qituvchi va shifokorning oyligi o‘sishi yana-da tezroq sekinlashgan

Ish haqining umumiy o‘sishi sekinlashgan, o‘qituvchi va shifokorning oyligi o‘sishi yana-da tezroq sekinlashgan. Bu haqda iqtisodchi Otabek Bakirov yozmoqda

"2024-yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 17,4%ga oshgan va 5 092,2 ming so‘mni tashkil etgan. Solishtirish uchun, ish haqining o‘sish surʼati 2023 yilning shu davrida avvalgi yilga nisbatan 22,0%ga oshgan edi.

Ish haqining o‘sishi sekinlashgani, ayniqsa ijtimoiy sohalar bo‘lgan taʼlim va tibbiyotda yaqqol ko‘ringan. O‘qituvchilarning oyligining o‘sishi (14,9%) ham, do‘xtirlarning oyligi o‘sishi (14,8%) ham 15%ga yetmagan.

Muammo shundaki, aslida bu raqamlar ham shartli, chunki agar buning ichidan davlat muassasalari maoshlarini alohida ajratib olsangiz, o‘sish yana-da past bo‘lgani aniq ko‘rinadi. Masalan, xususiy maktablar soni va ulushi past hududlarda, aytaylik, Sirdaryoda 11,4%ni tashkil etgan xolos.

Xuddi shunaqa ahvol tibbiyotda, asosan davlat tibbiyoti bo‘lgan Jizzaxda do‘xtirlarning maoshi 8,1%ga o‘sgan xolos. Boshqacha aytganda, inflyatsiya hisobga olinsa, jizzaxlik do‘xtirlar kambag‘allashgan.

Energetik tariflar keskin oshgandan keyin, buni tanasida og‘riqli his qilganlarning eng katta qismi byudjet muassasalarida ishlaydigan o‘qituvchilar va do‘xtirlardir, chunki ularning maoshi 8 oydan beri indeksatsiya qilingani yo‘q. Byudjet mablag‘larining juda katta qismi subsidiya ko‘rinishida o‘pqondagi energetikani moliyalashtirishga ketmoqda. Maoshlarni oshirish uchun byudjetda mo‘ljallangan mablag‘lar ham ehtimolki, shu o‘pqonga qarab oqmoqda.

Bu ketishda o‘qituvchilarga va do‘xtirlarga vaʼda qilingan 1000 dollarlik maosh haqida butunlay unutib, hech bo‘lmasa, inflyatsiya darajasida oyliklarni indeksatsiyalab turish ham orzudek bo‘lib qoladigandek", - deya yozgan iqtisodchi. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101813 | Инструменты