Huawei 1
O'zbekistonda 2021 yilda 9 759 nafar xotin-qiz tomonidan 9 053 ta jinoyat sodir etilgan

Bugun – 19 mart kuni Oliy Majlis Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirmoqda. Majlisda dastlab Ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasi holati to‘g‘risidagi 2021 yil yakuni bo‘yicha axboroti eshitildi.

Ta’kidlanishicha, sohada amalga oshirilgan tizimli ishlar natijasida umumiy jinoyatlarning 89 foizi fosh etilgan, qidiruvdagi 4 615 nafar shaxs ushlangan, bedarak yo‘qolgan 507 nafar shaxs topilgan.

9 314 ta mahallada kriminogen vaziyat tahlil qilinib, mahallalar “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratilgan. Ko‘rilgan choralar natijasida 2021 yilda 2 639 ta mahallada (28,3 foiz) jinoyatlar sodir etilmagan, 3 628 tasida (39 foiz) ularning sodir etilishi holatlari kamaygan.

Iqtisodiyot, boshqaruv va odil sudlov sohasida 1 313 nafar shaxs tomonidan sodir etilgan 1 018 ta jinoyat aniqlanib, ular oqibatida yetkazilgan 86,1 mlrd so‘m miqdoridagi zarar undirilishi ta’minlangan.

Shu bilan birga, o‘tkazilgan o‘rganishlar ichki ishlar organlari tomonidan e’tibor qaratish lozim bo‘lgan masalalar mavjudligini ko‘rsatdi. Xususan, 2021 yilda sodir etilgan jinoyatlar umumiy soni 84 100 tani tashkil etib, har 100 ming aholiga o‘rtacha 321,4 tadan to‘g‘ri kelgan.

Oilalardagi notinchlik, nizolarning o‘z vaqtida hal etilmasligi mahalla faollari va keng jamoatchilikning e’tiboridan chetda qolganligi oqibatida o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etilmoqda. Jumladan, 2021 yilda qotillik jinoyatlarining har uchinchisi yoki 158 tasi (37,1 foizi), og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyatlarining 190 tasi (14,4 foizi) oilaviy muammolar tufayli sodir etilgan.

Shuningdek, oilaviy nizolarga o‘z vaqtida barham berilmaganligi oqibatida 14 935 ta huquqbuzarlik sodir etilgan. Ularning qariyb 60 foizi (8 589 tasi) Toshkent shahri, Toshkent, Buxoro, Samarqand va Farg‘ona viloyatlariga to‘g‘ri keladi.

Og‘ir turmush sharoitida yashayotgan ayollarning muammolari to‘liq hal etilmasdan kelinayotganligi tufayli 2021 yilda 9 759 nafar xotin-qiz tomonidan 9 053 ta jinoyat sodir etilgan.

Oila, turmush munosabatlari doirasida tazyiqqa uchragan xotin-qizlarning 39 343 nafariga himoya orderi berilgan.

Maktablarda yo‘lga qo‘yilgan “davomat tadbirlari” imkoniyatlaridan samarali foydalanish, aholini ogohlikka chaqirish yo‘nalishidagi ishlar ham muntazam ravishda olib borilmagan. Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning soni ayrim hududlarda yuqoriligicha qolmoqda. Jumladan, ushbu jinoyatlarning 65,2 foizi Farg‘ona, Toshkent, Namangan va Buxoro viloyatlariga to‘g‘ri keladi.

Bundan tashqari, 14 mingdan ortiq ishsizlar tomonidan jinoyatlar sodir etilganligi joylarda aholini ish bilan ta’minlash masalalari samarali hal etilmayotganini ko‘rsatadi.

Majlisda senatorlar tomonidan aholi o‘rtasida jinoyatchilikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, jinoyatlarning oldini olish, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash masalalariga e’tibor qaratildi. Huquqbuzarliklarning kelib chiqish sabablari va omillarini aniqlash hamda bartaraf etish choralarini ko‘rish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 12309 | Инструменты