O'zbekiston elchisi Alisher To'xtayev Pokistonning "GAK Healthcare International" kompaniyasi ijrochi direktori Yasir Niyazi bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.
Muloqot chog'ida O'zbekiston tibbiyot muassasalari bilan hamkorlik istiqbollari, jumladan, qo'shma ta'lim dasturlari va tibbiy xizmatlar ko'rsatish bo'yicha yirik loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Pokiston vakiliga mamlakatimiz sog'liqni saqlash tizimi va tibbiyot muassasalarining muvaffaqiyatli faoliyati haqida ma'lumot berildi. Kadrlar tayyorlash va tibbiy xizmat ko'rsatishda erishilgan yutuqlar ta'kidlandi. O'zbekiston qulay geografik o'rni, jadal rivojlanayotgan bozorlari va xorijiy investorlar uchun imkoniyatlarning ortib borishi tufayli Markaziy Osiyoda tibbiy ta'lim va xizmat ko'rsatish sohasida rivojlanish uchun yuqori salohiyatga ega mamlakat sifatida e'tirof etildi. "GAK Healthcare International" kompaniyasi ijrochi direktori O'zbekistonda tibbiy ta'lim sifatini oshirish va aholini arzon xizmatlar bilan ta'minlashga qaratilgan o'quv muassasasi hamda shifoxonani tashkil etish loyihasini amalga oshirishga qiziqish bildirdi.
O'zbekiston elchisi Yasir Niyazi bilan birgalikda mamlakatimizda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyiha uchun namuna sifatida taklif etilgan Islomobod tibbiyot va stomatologiya kollejiga tashrif buyurdi. Uning doirasida o'quv muassasa rahbariyati bilan uchrashuv o'tkazildi. Islomobod tibbiyot va stomatologiya kollejiga vakillari O'zbekistonda tibbiyot va stomatologiya fakultetlarini, shuningdek, Hamshiralik ishi va turdosh tibbiyot fanlari maktabini o'z ichiga olgan ta'lim majmuasini yaratish niyatida ekanliklarini ma'lum qildi.
Loyiha tibbiyot mutaxassislarining tayyorgarlik darajasini oshirish va mamlakatimiz aholisi uchun sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishni yaxshilashga qaratilgan.
Kollej vakillarining aytishicha, loyihani "GAK Healthcare International" kompaniyasi va uning hamkorlari mablag'larini jalb qilgan holda davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirish rejalashtirilgan. Tashabbusning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi xorijiy talabalarni jalb qilish, O'zbekistonda tibbiy ta'lim va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, shuningdek, malakali kadrlar taqchilligini kamaytirishga yordam beradi.
O'tkazilgan uchrashuvlar yakunida, O'zbekiston Sog'liqni saqlash vazirligi mutasaddilari bilan muzokaralar o'tkazish, shuningdek, tibbiyot muassasalari, oliy o'quv yurtlari va ushbu sohadagi boshqa obyektlar faoliyati bilan tanishish uchun Pokiston tomonining O'zbekistonga safarini tashkil etish bo'yicha kelishib olindi.
"GAK Healthcare International" kompaniyasi sog'liqni saqlash, tibbiy ta'lim va texnologiyalar sohasidagi loyihalar bilan shug'ullanadi. Amalga oshirilgan tashabbuslar qatorida tibbiyot va stomatologiya kollejlarini qurish, hamshiralar tayyorlash, shuningdek, klinika va laboratoriyalar tashkil etish kiradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122017 | Инструменты