Joriy yilning 11—13-fevral kunlari mamlakatimiz elchixonasi, O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda Pokiston Savdo vazirligi bilan hamkorlikda Lahorda tashkil etilgan Made in Uzbekistan milliy sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi o‘z ishini yakunladi.
Lahore Expo Center markazida tashkil etilgan ushbu tadbirda uch kun davomida yurtimizda ishlab chiqarilgan to‘qimachilik, charm-poyabzal, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, mebel va yog‘ochsozlik, kimyo, farmatsevtika sanoati mahsulotlari, qurilish materiallari hamda mamlakatimizning turizm salohiyati namoyish etildi.
O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyatini ilgari surishni maqsad qilgan ushbu muhim tadbirda ishtirok etish uchun respublika Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi rahbariyati hamda turli sohalarda faoliyat yurituvchi 150 dan ortiq tadbirkorlardan iborat delegatsiya Lahor shahrida tashrif bilan bo‘ldi.
Ko‘rgazmaning ochilish marosimida Pokistonning federal va mahalliy hukumatlari rasmiylari, diplomatik korpus vakillari, shuningdek, 500 dan ortiq pokistonlik biznes doira vakillari ishtirok etdi.
Uch kun davomida 80 mingdan ortiq tashrif buyuruvchilar milliy sanoat mahsulotlari va hamkorlik imkoniyatlari bilan tanishdi. Tadbir doirasida O‘zbekiston tadbirkorlarining 500 dan ortiq “B2B” uchrashuvlari tashkil etildi. Ularda yangi savdo shartnomalarini tuzish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Delegatsiya a’zolari, shuningdek, Panjob viloyatining yirik sanoat markazlari – Faysalobod, Sialkot, Gujranvala, Gujrat, Bahavalpur, Mo‘lton va Sheyxpura shaharlariga tashrif buyurib, hududlardagi ixtisoslashgan korxonalar va ularning ishlab chiqarish quvvatlari bilan yaqindan tanishdi. Aniq istiqbolli loyihalar bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishib, qisqa fursatlarda o‘zaro tashriflarni uyushtirish va loyihalarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha muzokaralarni batafsil davom ettirish tomonlarning ish rejalariga kiritildi.
Ko‘rgazma davomida umumiy qiymati 500 million AQSh dollariga teng 181 ta shartnoma imzolandi. Shundan 263 million AQSh dollari eksport savdo shartnomalari, 236 million AQSh dollari esa import shartnomalarini tashkil etadi.
Pokiston Savdoni rivojlantirish agentligi bosh ijrochi direktori Fayz Ahmad bilan o‘tkazilgan uchrashuvda mamlakatlarimiz o‘rtasida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimga kiritilgan mahsulotlar ro‘yxatini kengaytirish, O‘zbekistonning meva-sabzavot mahsulotlarini Pokistonga eksport qilish uchun fitosanitar ruxsatnomalar olishni tezlashtirish hamda ikki mamlakat elektron savdo platformalarida mahsulotlarni joylashtirish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruhni shakllantirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Shuningdek, mahalliy kompaniyalar bilan hamkorlikda Pokiston hududlarida O'zbekiston savdo uylarini tashkil etish, ikki mamlakatda paritet asosida tijorat yarmarkalarini tashkil etish, to'qimachilik, oziq-ovqat, farmatsevtika, transport-logistika, qurilish materiallari, terini qayta ishlash va charm mahsulotlar, chinni buyumlar, mebelsozlik yo‘nalishlarida ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazilib, hamkorlik loyihalari ishlab chiqildi.
Tadbir ishtirokchilari bu kabi ko‘rgazmalarning tashkil etilishi biznes doiralari hamda keng jamoatchilikning ikki davlat sanoat mahsulotlari to‘g‘risidagi o‘zaro xabardorligini oshirishini, hamkorlik istiqbollari to‘g‘risida aniq rejalarni shakllantirishini qayd etishdi. Ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni faollashtirish, yil davomida qo‘shma tadbirlarni yana tashkillashtirish bo‘yicha kelishib olindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21522 | Инструменты