Huawei 1
PUBG akkaunt orqali odamlarning pullarini o‘zlashtirib kelgan 20 yoshli yigit ushlandi

Toshkent viloyati IIBB Kiberxavfsizlik bo‘limi va Ohangaron shahar IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbir davomida Telegram‘da PUBG o‘yini uchun akkauntlar sotilishini reklama qilib, fuqarolarning pullarini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirib kelgan shaxs aniqlanib, ushlandi. Bu haqda viloyat IIB Matbuot xizmati xabar qildi.

Aniqlanishicha, ohangaronlik 20 yoshli yigit hududiy ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilib, Telegram orqali PUBG akkaunt sotib olish maqsadida nomaʼlum shaxsning bank kartasiga 9 mln so‘m pul o‘tkazganini, ammo vaʼda qilingan akkaunt berilgach, bir kundan keyin qayta olinganini maʼlum qilib, qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida ushbu qilmishni Navoiy viloyatida yashovchi 20 yoshli yigit sodir etgani aniqlangan va u protsessual tartibda ushlangan. U Telegram‘dagi turli kanallarda eʼlon joylashtirib, akkauntlarni sotish bahonasida fuqarolarni chuv tushirib, ularni bir kunga sinov tariqasida foydalantiradi, keyin esa akkaunt parollarini o‘zgartirib, pullarni o‘zlashtirib kelgan.

Mazkur holat yuzasidan 2005 yilda tug‘ilgan D.F.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mazkur moddada BHMining 300 baravaridan 400 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud muayyan huquqdan mahrum etilgan holda 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanish belgilab qo‘yilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51008 | Инструменты