Huawei 1
Qamoqqa olingan shaxs uchun majburiy tibbiy ko‘rik joriy etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni bilan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash chog‘ida ayblanuvchi va sudlanuvchini hibsxonaga joylashtirishdan oldin uni tergov hibsxonalarining o‘zida majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish joriy etilishi belgilangan edi.

Shundan kelib chiqib, qonunchilikka o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. Ushbu o‘zgarishlarni o‘zida aks ettirgan, jinoyat ishini yuritishda shaxsni qiynoqqa solish holatlarining oldini olishga qaratilgan qonun loyihasi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida muhokama qilindi.  

Qayd etilganidek, qamoqqa olinganlar tergov hibsxonasiga joylashtirilishidan oldin unda qiynoqqa solish yoki boshqa holatlar natijasida olingan jarohatlarni, shikastlanishlarni va yaralarni aniqlash maqsadida tergov hibsxonasining o‘zida majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi belgilanmoqda.  

Tibbiy ko‘rikni o‘tkazish uchun vaqt belgilash taklif etilmoqda. Unga ko‘ra, qamoqqa olinganlar tergov hibsxonasiga olib kelingandan boshlab bir soat ichida tibbiy xodim tomonidan majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi mumkin.

Bu jarayonda advokatning ishtiroki ta’minlanadi va ko‘rik zamonaviy apparatlar yordamida olib boriladi. Agar majburiy tibbiy ko‘rik davomida qamoqqa olingan shaxsning tanasida jarohatlar, shikastlanishlar va yaralar aniqlansa, ular belgilangan tartibda qayd etilib, bu haqida zudlik bilan prokurorga xabar beriladi.

Muhokamalarda qayd etilganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligi kafolatlarini kuchaytirishga, jinoyat sodir qilishda gumon qilinib ushlab turilgan shaxslarga nisbatan qiynoqqa solish holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122400 | Инструменты