Joriy yilning 23-dekabr kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan Toshkent shahrida tadbirkorlik sohasida erishilgan natijalar bo‘yicha yil sarhisobi sifatida “Uzbekistan Business Awards” taqdirlash marosimi hamda “Tadbirkor” jurnalining uchinchi soni taqdimoti o‘tkazildi.
Unda respublikaning eng taniqli 700 nafarga yaqin biznes vakillari, jumladan 2022-2024 yillarda mukofotlangan tadbirkorlar, shuningdek vazirlik va idoralar, tijorat banklari rahbarlari ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari Prezidentlik faoliyatining ilk kunlaridayoq tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning samarali faoliyat ko‘rsatishlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratishga katta eʼtibor qaratdi. O‘tgan qisqa davrda mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan ulkan ishlar qilindi.
Bunga yorqin misol 20 dekabrdagi Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimizdagi faol tadbirkorlar bilan uchrashuvi bo‘ldi. Muloqotda sohani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yil yakunlari va 2025 yilga mo‘ljallangan rejalar muhokama qilindi.
Taʼkidlash lozimki, joriy yilning o‘zida tadbirkorlar faoliyati uchun g‘oyat muhim bo‘lgan 5 ta qonun, 101 ta farmon va qarorlar qabul qilindi, ishchilari esa 5 mingdan ziyod, yillik daromadi 1 trillion so‘mdan oshgan 142 nafar “chempion” tadbirkor bor.
Bunday salohiyatli tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, yosh tadbirkorlarga esa katta motivatsiya berish maqsadida tashkil etilgan mazkur tadbirda “Uzbekistan Business Awards» marosimi doirasida:
"Mehrli yurak", "Yashil biznes", "Eko ferma", "Eng yaxshi yosh tadbirkor", "Cheksiz imkoniyat", "Yilning eng yaxshi ayol tadbirkori", "Biznes taʼlim treneri", "Eng faol eksportyor", "Dunyoga tanilgan hunarmand", "Intizomli soliq to‘lovchi", "Ko‘p yillik tajriba", "Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashining eng faol aʼzosi", "O‘zbekiston brendini dunyoga tanitgan tadbirkor", "Eng ko‘p davlat aktivlarini xarid qilgan tadbirkor" 14 ta nominatsiya bo‘yicha mukofotlar o‘z egalariga topshirildi.
Shuningdek, Prezidentimizning 2022 yil 19 avgustdagi “Faol tadbirkor” ko‘krak nishonini taʼsis etish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan har yili 20 avgust – Tadbirkorlar kuni arafasida “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan tadbirkorlik subyektini o‘zida aks ettirgan kitob chop etib borilishi belgilangan edi.
Qaror ijrosini taʼminlash, shuningdek, 2024 yilda turli darajadagi mukofotlar bilan taqdirlangan ishbilarmon doiralari vakillarining faoliyatini yoritish maqsadida ushbu “TADBIRKOR” jurnalining uchinchi soni taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbirda 2024 yilda tadbirkorlik sohasidagi yutuqlarni ko‘rsatadigan videorolik namoyish etildi, respublikamizda faoliyat yuritayotgan taniqli sanʼatkorlarning chiqishlari ko‘zda tutilgan hamda unda ilk bor aynan ushbu tadbirga bag‘ishlangan “Tadbirkorlar qo‘shig‘i” yangradi.
Maʼlumot o‘rnida, 2024 yil 1 oktyabr holatiga respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar va tashkilotlarning soni 466,4 mingtani (fermer va dehqon xo‘jaliklaridan tashqari) tashkil etdi.
Iqtisodiy faoliyat turlari kesimida faoliyat ko‘rsatayotgan korxona va tashkilotlarning eng ko‘p soni savdo sohasida – 152 024 ta, sanoat sohasida – 64 079 ta, qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi sohasida – 35 654 ta, qurilish sohasida – 30 801 ta hamda yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar sohasida – 28 682 tani tashkil etadi.
2024 yil yanvar-sentyabr oyida respublikada 64,6 mingta korxonalar va tashkilotlar yangi tashkil etildi, shundan kichik korxona va mikrofirmalar soni 62,5 mingtani tashkil etdi.
2024 yil 1 oktyabr holatiga ko‘ra respublikada xorijiy kapital ishtirokidagi faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar soni 14 901 tani tashkil etdi. Ulardan 4 244 tasi qo‘shma korxonalarni va 10 657 tasi xorijiy korxonalarni tashkil etgan.
Shuningdek, 2024 yil 1 fevraldan joriy etilgan Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingida “A” va “V” – yaxshi toifaga kiruvchi korxonalar 91 mingga ko‘paydi, yana 170 ming korxona “D” – eng yomon toifadan chiqarildi. Buning hisobiga soliq tekshiruvlari o‘tgan yilga nisbatan 2 karra, jumladan, kameral tekshiruvlar 3 karra qisqardi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122322 | Инструменты