Huawei 1
Qoraqalpog‘istonda qishloq xo‘jaligi, sanoat va turizmni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-dekabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solish, investitsiyani ko‘paytirish va aholi bandligini oshirish bo‘yicha 2025-yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Bu yil Qoraqalpog‘iston uchun barakali keldi, deyish mumkin. Yangi sanoat korxonalari, turizm maskanlari, energetika quvvatlari, IT-park ishga tushirildi. Qoraqalpog‘istonni Xorazm bilan bog‘laydigan 423 metrli yangi avtomobil va temir yo‘l ko‘prigi ochildi. Bu orqali yuk va yo‘lovchi tashish masofasi 180 kilometrga qisqardi.

323 million dollar hisobiga yangitdan qurilgan “Qo‘ng‘irot-Beynov” avtomobil yo‘lining 240 kilometr qismi foydalanishga topshirildi. Shuning o‘zi tranzit va boshqa xizmatlar hajmi yiliga 200 million dollarga oshishiga zamin yaratadi. Yaqinda 196 kilometrli “Miskin – Nukus” temir yo‘lini elektrlashtirish ishlari ham boshlanadi.

Hududda sanoat, tadbirkorlik va infratuzilma sohalarida 50 dan ortiq imtiyoz va yengilliklar berilgan. Xususan, investitsiya loyihalari uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri yer ajratish huquqi faqat Qoraqalpog‘istonda joriy qilingan.

O‘zbekiston Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti bu yil Nukusda o‘tkazilib, hududning salohiyati ko‘rsatib berildi. Chet ellik investor va mutaxassislar ham u yerda daromad topish uchun katta imkoniyatlar paydo bo‘lganini aytayapti.

Masalan, mavjud iqtisodiy salohiyat kompleks tahlil qilinib, qishloq xo‘jaligi, turizm va xizmatlar sohasida 2,5 milliard dollarlik imkoniyatlar aniqlangan.

Hozir 87 ming gektar paxtadan o‘rtacha 28 sentner hosil olinayapti, 10 ta tumanda rentabellik past. Ekspertlar bunday kam hosilli paxta maydonlarini qisqartirib, o‘rniga chorva ozuqasi va kunjut ekishni tavsiya qilmoqda. Ozuqabop ekinlar hisobiga 6,5 trillion so‘mlik go‘sht va sut yetishtirish, kunjutdan eksportni 500 million dollarga ko‘paytirish mumkinligi hisob-kitob qilingan. Bu orqali ancha suv ham iqtisod bo‘ladi.

Shuningdek, Mo‘ynoqning o‘zida kamida 1 milliard dollarlik turizm loyihalari uchun salohiyat bor. Yaxlit majmualarni ishga tushirib, 1 million sayyohga xizmat ko‘rsatish va 5 ming aholini daromadli qilish mumkin.

Etno va ekoturizm bo‘yicha ham imkoniyatlar to‘la ishga solinmay turibdi. Savitskiy muzeyi, “Chilpiq” yodgorligi, Ayoz qal’a, Tuproq qal’a kabi 200 dan ziyod diqqatga sazovor joylar, 10 dan ortiq xalq o‘yinlari bor. Bu ham 3 million turistni jalb etib, bir necha kun aylantirish uchun dastur.

Shunday imkoniyatlari bo‘lgan respublikaning mutasaddilari, tuman hokimlari vazifasiga shaxsiy mas’uliyatini oshirishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Tadbirkorlarga hudud salohiyatini ko‘rsatib, loyiha taklif qilish, biznesga ko‘makchi bo‘lish kerak. Ana shunda, yangi-yangi ish o‘rinlari, qo‘shilgan qiymat va eksport bo‘ladi, odamlarning daromadi ko‘payadi.

Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi shu kabi imkoniyatlarni ishga solish, investitsiya va ish o‘rinlarini ko‘paytirish bo‘yicha rejalarini taqdimot qildi.

Davlatimiz rahbari ularning tarkibiga e’tibor qaratdi. Xususan, kelasi yil uchun reja qilingan 3,1 milliard dollar investitsiyaning bor-yo‘g‘i 500 million dollari hududiy loyihalarga to‘g‘ri keladi.

Shu bois tumanlardagi hamma imkoniyatlarni safarbar qilib, bu nisbatni ko‘paytirish kerakligi ta’kidlandi. Buning uchun qo‘shimcha 1 milliard dollarlik hududiy loyihalar shakllantirilib, 120 ta korxona ishga tushiriladi. Eksport miqdori 500 million dollarga yetkaziladi.

85 ta yirik korxona to‘liq quvvatga olib chiqiladi. Shuningdek, yangi korxonalar, savdo va servis maydonlari tashkil etilib, 150 ming odamning bandligi ta’minlanadi. Natijada ishsizlik darajasi 5,4 foizga tushadi. 20 ming ehtiyojmand oilaga daromad manbai yaratilib, kambag‘allikni 7,6 foizga kamaytirish choralari ko‘riladi.

Hozirgi kunda Qoraqalpog‘istonda 1 gigavattli shamol elektr stansiyasi qurilayapti. Jami 9,3 gigavattli shunday stansiyalar qurish bo‘yicha loyihalar boshlanayapti. Bu – yiliga 33 milliard kilovatt soat elektr energiyasi, degani. Tabiiy gaz bo‘yicha ham qulaylik ko‘p.

Shuning uchun metallurgiya, kimyo, qurilish materiallari kabi tarmoqlardagi ko‘p energiya talab qiladigan yirik loyihalarni Qoraqalpog‘istonda joylashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Qishloq xo‘jaligida ham samaradorlikni oshirish zarur. Sug‘oriladigan yerlarda jami 3 ming gektar sanoatlashgan bog‘ va tokzor barpo qilinadi. 31 ming gektarda kunjut, 22 ming gektarda mosh ekib, eksportga yo‘naltiriladi. 30 ming gektarda qizilmiya ekish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqiladi.

Bular Qoraqalpog‘istondagi imkoniyatlarning ayrimlari, xolos. Ularni samarali ishga solish hududning jadal taraqqiyotini ta’minlaydi.

Shu bois Qoraqalpog‘istonda 3 ta asosiy yo‘nalishni –  qishloq xo‘jaligi, sanoat va turizmni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil etiladi. Mazkur tuzilma har bir tumanning o‘sish nuqtalarini tahlil qilib, qanday ekinlarni yetishtirish, yerdan daromadni ko‘paytirishga yordam beradi. Xomashyo va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha loyihalar tayyorlab, hokimlarga yetkazadi. Yangi turizm yo‘nalishlarini ochish va ularga infratuzilma olib borish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi.

Mutasaddilarga investitsiya loyihalarining borishi, bandlik va eksport rejalari ta’minlanishini alohida nazorat qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Nufuzli xorijiy ekspertlarni jalb qilib, har bir tumanning rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish topshirildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122400 | Инструменты