Qashqadaryoda “jihodchilar” oqimining 8 nafar a’zosi 6 yildan 10 yil 6 oygacha ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, DXXning Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Ichki ishlar organlari xodimlarini jalb qilgan holda o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida “jihodchilar” diniy ekstremistik oqimining yashirin jamoati fosh etilgan.
Xususan, Qarshi tumanida yashovchi, 1977 yilda tug‘ilgan, muqaddam Jinoyat kodeksining 155, 159, 2441, 2442 va boshqa moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgani uchun bir necha bor sudlangan, o‘ta xavfli retsidivist Qarshi shahri hamda Qarshi tumanida istiqomat qiluvchi, 1964-1986 yillar oralig‘ida tug‘ilgan 7 nafar fuqaroni jalb qilgan holda noqonuniy diniy jamoat tuzgan.
Tergov davrida aniqlanishicha, guruh a’zolari o‘z yashash xonadonlarida yig‘ilishlar o‘tkazib, “xalifalik davlati” barpo etish masalalarini muhokama qilgan.
Shuningdek, ular ijtimoiy tarmoqlar orqali xalqaro terroristik tashkilotlarning g‘oyaviy da’vatchilarining jihod, hijrat, xalifalik to‘g‘risidagi audio-video materiallarni o‘zaro bir-birlariga tarqatib, o‘z saflarini kengaytirish maqsadida boshqa fuqarolar ongiga ham ekstremistik g‘oyalarni singdirishga harakat qilgan.
“Ta’kidlash lozimki, guruh yetakchisi va a’zolarining 4 nafari muqaddam sodir etgan jinoyatlari uchun umrining ma’lum bir qismini panjara ortida o‘tkazgan bo‘lsalar-da, o‘z xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarishmagan”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi tuman sudi tomonidan mazkur shaxslar tegishliligi bo‘yicha Jinoyat kodeksining 159, 2441 va 2442-moddalari bilan aybli deb topilib, ularga 6 yildan 10 yil-u 6 oygacha bo‘lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 61306 | Инструменты