Huawei 1
Qishloq xo‘jaligida tomchilatib sug‘orish xarajatlari qancha vaqtda o‘zini oqlaydi?

Tomchilatib sug‘orish texnologiyasining qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishdagi samaradorligi nafaqat suvni tejash, balki hosildorlikni ham oshirishi aytiladi.

Ushbu texnologiyaning sabzavot yetishtirish biznesini tubdan o‘zgartirib yuborishi haqida taniqli agroekspert va yetakchi mutaxassis Erkin Usmonxo‘jayev o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, tomchilatib sug‘orish tizimi zamonaviy sabzavotchilikda muvaffaqiyat kalitidir, faqat uni to‘g‘ri qo‘llay bilish lozim. Zero, o‘rta va kichik dehqon/fermer xo‘jaliklari ham ushbu texnologiya yordamida sabzavot yetishtirib yuqori daromad olishga erishishi mumkin.

«To‘g‘ri, har qanday zamonaviy texnologiyani joriy etish dastlabki sarmoyani talab qiladi va tomchilatib sug‘orish ham bundan mustasno emas. Sabzavot ekinlari dalalarida tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etish va uni ishga tushirish bilan bog‘liq xarajatlar bir necha omillarga bog‘liq.  Dalaning umumiy maydoni, ekin turi va qator oralaridagi masofa, yer landshaftlari, tuproq turi va boshqalar shular jumlasidandir.  Dastlabki sarmoya miqdori ushbu parametrlarga, tomchilatib sug‘orish tizimining talablariga va loyihaning nechog‘li murakkabligiga qarab katta farq qilishi mumkin», – deydi mutaxassis.

Ekspert, shuningdek, bunday tizimni o‘rnatishda dastlabki sarmoyaga ega bo‘lmaganlar uchun ham yechim ko‘rsatadi. Uning aytishicha, bugungi kunda qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng ko‘lamli davlat dasturi mavjud. Ushbu dasturga muvofiq, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etayotgan fermer xo‘jaliklariga bunday tizimlarni o‘rnatish xarajatlarining bir qismini qoplash (subsidiya), 5 yil muddatli imtiyozli kreditlar va soliq imtiyozlari taqdim etiladi.

«Ushbu investitsiyalarning o‘zini oqlash muddati masalasiga kelsak, o‘zimning tajriba va kuzatuvlarimga asoslanib, quyidagilarni aytishim mumkin: ertaki sabzavot yetishtirish misolida ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, tomchilatib sug‘orish texnologiyasini o‘rnatish uchun dastlabki sarmoya atigi 1 mavsumda o‘zini oqlaydi.

Bu holatda sabzavot ekinlarining ariqdan sug‘orish usulida yetishtirilgan sabzavotlarga nisbatan ancha erta pishishi muhim rol o‘ynaydi.  Yuqorida aytganimdek, mahsulotni 7-10 kun ertaroq bozorga chiqarib, ancha qimmat narxda sotish hisobiga tomchilatib sug‘orish tizimini o‘rnatish uchun dastlabki sarmoyani atigi 1 mavsumda qoplashingiz mumkin», – deydi E.Usmonxo‘jayev.

Qayd etilishicha, agar bozorga erta chiqarish unchalik muhim omil bo‘lmagan sabzavotlarni hisobga olinsa, bunda mahsulotning hosildorligi va sifati muhim ahamiyatga ega. Bu vaziyatda tomchilatib sug‘orish tizimini o‘rnatishga sarflangan dastlabki sarmoya hosildorlik oshishi va mahsulotning yuqori sifati, shuningdek, mahsulot partiyasidagi nuqsonli tovarlar ulushi keskin kamayishi hisobiga 2-3 mavsumda o‘zini oqlaydi. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 11817 | Инструменты