Huawei 1
Qoraqalpog‘istonda profilaktika inspektori keksa fuqaroning uyi va pulini o‘zlashtirib olgani aniqlandi

Ijtimoiy tarmoqlarda jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudi sudyasi tergov organi tomonidan qo‘yilgan ayblovlarni asossiz olib tashlab, hukm chiqargani bo‘yicha post eʼlon qilingan.

Mazkur jinoyat ishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi tomonidan Nukus shahar IIO FMB profilaktika inspektori A.M.ga nisbatan JKning 169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan qo‘zg‘atilgan.

Tergovda to‘plangan dalillarga ko‘ra, profilaktika inspektori A.M. o‘ziga biriktirilgan mahallada istiqomat qiluvchi keksa yoshdagi O.Ye.ning yaqin qarindoshlari yo‘qligi va aqli norasoligidan foydalanib, uning mulklarini qo‘lga kiritish maqsadida, go‘yoki E.O. jamoat joylarida yurish-turish qoidalarini buzib yurganligi to‘g‘risida 1-son ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasi rahbariga bildirishnoma yozib, majburan shifoxonaga joylashtirib, uni uyidan chiqarib yuborishga va ozodligini cheklashga erishgan.

So‘ngra, u O.Ye.ga qarashli turar joyga egalik huquqini tasdiqlovchi orderni soxtalashtirish orqali kadastr idorasi xodimi Ch.S. ko‘magida qalbaki kadastr hujjatlarini tayyorlab, turar joyni o‘zining nomiga rasmiylashtirishgan.

Profilaktika inspektori A.M. jinoyatlarini yashirish maqsadida, turar joyni turmush o‘rtog‘i O.D.ga hadya shartnomasi orqali qayta rasmiylashtirib, E.O.ning juda ko‘p miqdordagi mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilgan.

Shuningdek, profilaktika inspektori jabrlanuvchi E.O.ning ojizligidan foydalangan holda qo‘lga kiritgan bank plastik kartasidagi pul mablag‘larini o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.

Bundan tashqari, u O.Ye.ning bankdagi omonat hisob-raqamida saqlanayotgan juda ko‘p miqdordagi pullarini bank xodimlarini go‘yoki egasiga berish uchun olayotganligiga ishontirib, qo‘lga kiritishga erishgan.

A.M. yuqoridagi jinoiy harakatlari natijasida qo‘lga kiritgan E.O.ning juda ko‘p miqdordagi omonat pullariga opasining nomiga “Lacetti” rusumli avtomashina xarid qilib, jinoiy daromadlarini legallashtirgan.

Tergov natijasiga ko‘ra, profilaktika inspektori A.M.ga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi 2-qismi “a” bandi, 228-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari, 228-moddasi 3-qismi, 169-moddasi 4-qismi “a” bandi, 243-moddalari hamda kadastr idorasi xodimi Ch.S.ga JKning 228-moddasi 2-qismi “a” bandi, 228-moddasi 3-qismi va 28,169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan ayb eʼlon qilinib, jinoyat ishi sud muhokamasiga yuborilgan.

Biroq, Nukus shahar sudi sudyasi 07.06.2024 yildagi hukmiga asosan tergov organi tomonidan A.M.ga JKning 169, 228, 243-moddalari bilan qo‘yilgan ayblovlarni asossiz ravishda olib tashlab, JKning 206-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan aybli deb topib, 2 yil muddatga muayyan huquqdan mahrum qilgan holda, 2 yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlagan.

Xuddi shunday, kadastr idorasi xodimi Ch.S.ning ayblovidan JKning 228-moddasi 3-qismi va 28,169-moddasi 4-qismi “a” bandi olib tashlanib, JKning 228-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilgan.

Bundan tashqari, sud hukmi bilan tergovda jabrlanuvchi O.Ye.ning soxta hujjatlar asosida begonalashtirilgan turar joyi talon-toroj etilishi oqibatida yetkazilgan zararni qoplash maqsadida undirilgan 180 mln 50,7 ming so‘m pullarni sudlanuvchiga qaytarib berish belgilangan.

Prokuratura organlari tomonidan apellyatsiya muddatida ish hujjatlari o‘rganilib, mazkur sud hukmi ro‘yi-rost asossiz, adolatsiz va noqonuniy deb topilib, sud qarorini bekor qilish haqida protest keltirildi.

Ish apellyatsiya instansiyada ko‘rilishida, malakali prokuror ishtiroki taʼminlanadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92809 | Инструменты