Qozog‘istonda ota-ona qaramog‘isiz qolib ketgan 10 nafar bola O‘zbekistonga qaytarilmoqda. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 17 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirliklari xodimlari xorijda ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarni O‘zbekistonga qaytarish maqsadida xizmat safari bilan Qozog‘istonga jo‘nab ketgan.
Ota-ona qaramog‘isiz qolgan 10 nafar, xususan, Atirau shahrida 1 nafar, Olmaota shahrida 8 nafar va Mang‘istau shahrida 1 nafar bola davlat yordamiga muhtoj bo‘lib, ishchi guruh vakillari tomonidan ularni o‘z oilalari bag‘riga qaytarish rejalashtirilgan. Bundan Ijtimoiy himoya milliy agentligi tasarrufidagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi qaytarilayotgan bolalarning oilaviy muhitga qaytishi uchun barcha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
“Ijtimoiy himoya milliy agentligi IIV va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda xorijda qiyin vaziyatga tushgan bolalarni vatanga qaytarish va ularga ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha chora-tadbirlarni davom ettirmoqda”, deyiladi xabarda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31905 | Инструменты