Bugun, 13-yanvar kuni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining "QURAMAX MEDIKAL” MCHJga berilgan litsenziyasini bekor qilish bo‘yicha ochiq sud jarayoni bo‘lib o‘tdi.
Ma'lum qilinishicha, sudning hal qiluv qarori bilan “QURAMAX MEDIKAL” MCHJga 2019-yil 10-dekabrda farmasevtika faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziya bekor qilinishi va qo‘llash uchun yaroqsiz dori vositalari muomaladan chiqarilib, yo‘q qilinishi belgilandi.
Mazkur iqtisodiy ish bo‘yicha taraflar e’lon qilingan hal qiluv qarori ustidan qonunchilikda belgilangan tartib va muddatda shikoyat qilish mumkin.
Sudning huquqiy ta’sir chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi ish bo‘yicha ushbu hal qiluv qarori, agar apellyatsiya shikoyati (protesti) berilmasa, qabul qilinganidan keyin o‘n kun o‘tgach qonuniy kuchga kiradi.
Shuningdek, mazkur iqtisodiy ishga doir vakolatli idora va mansabdor shaxslarning xatti-harakati yoki harakatsizligi yuzasidan qonun talablari buzilganligi bo‘yicha huquqiy baho berish haqida ajrim chiqarilib, Toshkent shahar prokuraturasiga yuborilishi belgilandi.
Yozilishicha, ushbu ajrim ustidan belgilangan tartibda shikoyat berilishi (protest keltirilishi) mumkin.
Eslatib o'tamiz, avvalroq Hindiston hukumati O‘zbekistondagi bolalar o‘limiga sabab bo‘lgan "Dok-1 Maks" dori vositasining ishlab chiqaruvchisi — Marion Biotech kompaniyasining litsenziyasini to'xtatgan edi.
Aslida bu ishlar Samarqandda bolalar shifoxonasida "Dok-1 Maks" preparati sabab 15 nafar bola vafot etganidan so'ng boshlangan.
Shundan so'ng, Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan ushbu dorini import qilgan “Quramax medical” MCHJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 12721 | Инструменты