Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga joriy yilning o‘tgan davrida ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi va xaridlari bo‘yicha 450 ga yaqin murojaat kelib tushgan.
Murojaatlar asosan pudrat tashkilotlari tomonidan qurilish muddatlarini kechiktirib yuborish, qurilish ishlarini sifatsiz bajarish, loyiha hujjatlarida belgilangan ish hajmlari va turlarini to‘liq bajarmaslik, shartnoma va reklamalarda qayd etilgan qurilish materiallari va uskunalari o‘rniga boshqa sifatsiz, arzonlarini ishlatish va o‘rnatish yuzasidan bo‘lmoqda.
O‘z navbatida, ushbu murojaatlar o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilib, isteʼmolchilarning huquqlarini taʼminlash choralari ko‘rilmoqda.
Isteʼmolchilar va isteʼmolchilarning nomuayyan doiralari huquqlari buzilishining oldini olish maqsadida ko‘p qavatli uy-joylar qurib sotuvchi tadbirkorlik subyektlari ogohlantiriladi.
“Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 4- 19- 23-moddasi, shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 178-moddasiga asosan normativ hujjatlar talablariga javob bermaydigan tovar (ish, xizmat) tufayli isteʼmolchilarga zarar yetkazish, shuningdek isteʼmolchilarga tovarlar (ishlar, xizmatlar) to‘g‘risidagi axborotni taqdim etmaganlik yoki bila turib noto‘g‘ri maʼlumotlar taqdim etganlik, shu jumladan isteʼmolchilarni tovarning isteʼmolga oid xususiyatlari yoki sifati xususida chalg‘itish, tovarni unga o‘xshash boshqa mahsulotlar bilan almashtirib qo‘yish, mahsulotning xususiyatlari va sifatini qasddan o‘zgartirish va boshqa holatlarga nisbatan maʼmuriy javobgarlik belgilangan.
Yuqoridagilarga asosan Raqobat qo‘mitasi ko‘p qavatli uy-joylar qurib sotuvchi tadbirkorlik subyektlarini isteʼmolchilar (fuqarolarimiz) huquqlari ustuvorligini hisobga olgan holda qonuniy faoliyat olib borish yuzasidan qatʼiy ogohlantiradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121300 | Инструменты